«Monako» Pogba bilan shartnomani muddatidan avval bekor qildi
Fransiya klubi 33 yoshli yarim himoyachi bilan tuzilgan shartnoma tomonlarning o‘zaro roziligi asosida bekor qilinganini rasman ma’lum qildi.
Pol Pogbaning «Monako»dagi faoliyati kutilganidan ancha erta yakunlandi. Fransiya klubi 33 yoshli yarim himoyachi bilan tuzilgan shartnoma tomonlarning o‘zaro roziligi asosida bekor qilinganini rasman ma’lum qildi.
Pogba 2025-yil iyunida erkin agent maqomida monegasklar safiga kelib, ikki yillik kelishuvga imzo chekkandi. Biroq muntazam jarohatlar uning jamoada o‘zini ko‘rsatishiga imkon bermadi.
Fransiyalik futbolchi 2025/26-yilgi mavsumda «Monako» safida bor-yo‘g‘i oltita uchrashuvda maydonga tushdi. U mazkur bahslarda jami 115 daqiqa harakat qildi.
Avvalroq klub rahbariyati va futbolchi hamkorlikni belgilangan muddatdan oldin yakunlash imkoniyatini muhokama qilayotgani xabar qilingandi. Muzokaralar yakunida tomonlar ajralish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Pogba «Monako» bilan xayrlashar ekan, klubda o‘tkazgan qisqa davri uchun minnatdorlik bildirdi.
«Monako» prezidenti va rahbariyatiga, jamoadoshlarimga, klub xodimlari hamda menga ishongan muxlislarga rahmat aytmoqchiman. Klub va Knyazlik sharafini himoya qilish men uchun ajoyib tajriba bo‘ldi.
«Monako» — o‘ziga xos klub. Men kutganimdek ko‘p o‘yin o‘tkaza olmagan bo‘lsam ham, uning ranglarini himoya qilish imkoniyati uchun doimo minnatdor bo‘lib qolaman», — dedi Pogba.