Mixail Galuzin: to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar barqaror iqtisodiy zanjir yaratadi
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston-Rossiya: Yevrosiyo makonida strategik sheriklik” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani yoritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillariga Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin intervyu berdi:
– O‘zbekistonlik hamkasblarim menga o‘zlarining ta’rifi bilan aytganda betakror Surxondaryo vohasining go‘zal qiyofasi va boy iqtisodiy salohiyatini ko‘rsatishdi. Albatta, hududda barpo etilgan va hozir biz turgan mana shu savdo markazi loyihasiga yuqori baho bersa arziydi. Markaz O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida iqtisodiy-savdo aloqalarini kengaytirish va Yevroosiyo makonida strategik sheriklikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadigan savdo zonasiga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tashkil etilgan xalqaro savdo markazi uzoqni ko‘zlagan strategik qadam va xalqchil siyosatning amaldagi samarasidir. Bu yerda o‘zbek, afg‘on tadbirkorlari o‘z mahsulotlari va loyihalarini taqdim etayotgani O‘zbekistonning qo‘shni Afg‘oniston bilan tovar ayirboshlashini o‘stirishga xizmat qilmoqda. Menimcha hozir savdo hamkorlaringiz o‘rtasida Afg‘oniston beshinchi o‘rinda turibdi.
Rossiya hududlari va tadbirkorlari ham bu loyihaga katta qiziqish bildirayotgani quvonarli holat. Menimcha hozir Rossiyaning qator o‘lkalari, jumladan, Novosibirsk viloyati, Tatariston Respublikasi hamkorlikda ishlamoqda. O‘zaro manfaatli savdo loyihalarini amalga oshirib, o‘z mahsulotlarini xorijga chiqarmoqda va zarur mahsulotlarni olib kelmoqda. Men tadbirkorlarimiz uchun o‘zaro manfaatli bu ishlarning yanada kengayishi tarafdoriman. Bugungi xalqaro anjuman ham bu kabi hamkorlik aloqalarimizni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar barqaror iqtisodiy zanjir yaratib, biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri