O‘zbekiston - Tojikiston: strategik sheriklikdan ittifoqchilik sari dadil qadam qo‘yildi
Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan yangi siyosiy muhit shakllanmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar alohida o‘rin tutadi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– 2026-yil 26-mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘targan muhim voqea sifatida tarixga kirdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi ikki tomonlama aloqalarning institutsional jihatdan yangi bosqichga chiqqanini anglatadi. Davlat rahbarlari ta’kidlaganidek, mazkur format O‘zbekiston - Tojikiston munosabatlarini faqat diplomatik muloqot darajasida emas, balki aniq loyihalar va amaliy tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy hamkorlik bugungi munosabatlarning asosiy drayveriga aylanib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, kelgusida bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Bu esa ikki davlat iqtisodiyoti o‘rtasidagi integratsiyaning chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, sanoat kooperatsiyasi, transport logistikasi, energetika va suv resurslarini boshqarish kabi strategik sohalarda hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Oybek - Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etish, “E-Permit” kabi raqamli tizimlarni joriy etish, chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar doirasida qabul qilingan Sanoat kooperatsiyasi dasturi va qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirishga qaratilgan qarorlar esa istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam moliyaviy va tashkiliy asos yaratadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika kabi sohalardagi qo‘shma loyihalar ikki davlat sanoat salohiyatini o‘zaro to‘ldirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida 10 ta yirik qo‘shma loyihaning ishga tushirilishi esa hamkorlikning amaliy natijalarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi. Bu loyihalar nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham munosabatlarning muhim ustuni hisoblanadi. Ta’lim, ilm-fan, turizm va yoshlar almashinuvlari bo‘yicha qabul qilingan dasturlar xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma tashabbuslar umumiy ma’naviy ildizlarimizning yana bir bor namoyon bo‘lishidir.
Shuningdek, xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro maydonda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda ikki davlatning hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining mustahkamlanishi nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, o‘zaro ishonch va mushtarak qadriyatlarga tayanadi. Ana shu mustahkam asos esa kelgusida yanada keng ko‘lamli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA