Misrga boruvchi o‘zbekistonliklar uchun yangi kirish qoidalari joriy etiladi
2026-yil 1-noyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirish tartibiga oid yangi talablar kuchga kirishi haqida ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, safar oldidan viza rasmiylashtirish, moliyaviy mablag‘larni tasdiqlash va zarur hujjatlarni taqdim etish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib doirasida O‘zbekiston fuqarolari Misrga borishdan avval kirish vizasini mamlakatning diplomatik vakolatxonalari orqali rasmiylashtirishlari lozim. Shuningdek, turistik safarlar vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etilishi talab etiladi.
Yangi tartibda sayohatchilarning yoshi va moliyaviy imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari — ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari hamrohligida borishi mumkin. Bunda oila safar davomida kamida 5 000 AQSH dollari miqdorida naqd pulga ega bo‘lishi talab etiladi.
40 yoshdan oshgan va mustaqil sayohat qilayotgan fuqarolar esa kamida 3 000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ga ega bo‘lishlari lozim.
Misrga kirish vaqtida yo‘lovchilar mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari hamda safar davomida yetarli moliyaviy ta’minot mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak.
Shuningdek, Misr hududida bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmasligi ma’lum qilingan.
Belgilangan hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yo‘lovchilarning mamlakatga kirishi rad etilishi va ularni olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytarish choralari ko‘rilishi mumkin.
O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi fuqarolarni Misrga safarni rejalashtirishda mazkur talablarni inobatga olishga chaqirdi. Sayohatchilarga safar oldidan viza rasmiylashtirish tartibi, moliyaviy talablar va zarur hujjatlar bo‘yicha rasmiy idoralardan qo‘shimcha ma’lumot olish tavsiya etiladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA