Mirzacho‘lda tuyachilik: cho‘l bag‘ridagi daromad manbai
FOTOREPORTAJ
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar natijasida noan’anaviy chorvachilik yo‘nalishlariga ham qiziqish ortmoqda.
Xususan, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida tuyachilik bilan shug‘ullanayotgan xo‘jaliklar soni ko‘payib, mazkur yo‘nalish aholi uchun daromad manbaiga aylanmoqda.
Ayni paytda tumandagi 5 ta yirik chorvachilik xo‘jaligida 550 bosh, imtiyozli kreditlar asosida 46 ta xonadonda 360 bosh tuya parvarishlanmoqda.
Ana shunday tadbirkorlardan biri Bog‘bon mahallasida yashovchi Azim Azizovdir. U 14 yildan buyon tuyachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
— Dastlab oz miqdorda chorva bilan ish boshlaganmiz. Keyinchalik yaratilgan imkoniyatlar, xususan, 100 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan xo‘jaligimizni kengaytirdik. Hozir 13 bosh tuya parvarishlayapmiz, - deydi A.Azizov.
Tadbirkor tuyachilik bilan bir qatorda tuya sutidan foydalanishga asoslangan sog‘lomlashtirish xizmatlarini ham yo‘lga qo‘ygan. Xo‘jalik hududida 25 o‘rinli sog‘lomlashtirish maskani tashkil etilgan.
[gallery-30937]
— Tuya sutiga qiziqish yuqori. Shuni inobatga olib, sog‘lomlashtirish maskanini tashkil etdik. Bu yerga mamlakatimizning turli hududlaridan mehmonlar keladi. Ayrim xorijiy davlatlardan ham davolanish va dam olish maqsadida tashrif buyuruvchilar bor, - deydi tadbirkor.
Uning ta’kidlashicha, tuyachilik iqlim sharoitiga chidamliligi va parvarish xarajatlarining nisbatan kamligi bilan ham ahamiyatli.
— Tuya Mirzacho‘lning iqlimiga yaxshi moslashgan. Yaxshi parvarish qilinganda, bir tuyadan kuniga 10 litrgacha sut olish mumkin. Bir tuya sutidan kuniga o‘rtacha 300-350 ming so‘m atrofida daromad olamiz, - deydi A.Azizov.
Tadbirkorning aytishicha, mavsumda bir vaqtning o‘zida 40 nafargacha mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Olingan daromadning asosiy qismi xo‘jalikni kengaytirish, tuyalar sonini ko‘paytirish va mehmonlar uchun sharoitlarni yaxshilashga yo‘naltirilmoqda.
Mirzacho‘lda tuyachilikning rivojlanayotgani cho‘l hududlarida ham chorvachilikning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA