Toshkent issiqlik elektr stansiyasi kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Toshkent issiqlik elektr stansiyasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari tizimli olib borilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining ishchi guruhi Toshkent issiqlik elektr stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ishchi guruh tomonidan korxonaning joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, asosiy uskunalarning texnik holati, shuningdek, isitish mavsumida stansiyaning barqaror va xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash hamda filtrlarning texnik holati, undan samarali foydalanish darajasi va texnik xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish davomida chang-gaz tozalash tizimlarini kelgusida modernizatsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Uskunalarni bosqichma-bosqich yangilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tozalash samaradorligini oshirish va atmosfera havosiga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, ishchi guruh 9 va 10-energobloklarda yangi filtrlash uskunalarini qurish jarayonini ham ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, ishchi guruh korxonada ekologik talablarga rioya etish va kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xavflarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ham o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha mas’ul mutaxassislarga tegishli tavsiyalar berildi. Amaldagi tozalash tizimlarining ishonchli ishlashini ta’minlash, uskunalarga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish hamda ularni kelgusida modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratish tavsiya etildi.
Bunday profilaktik tadbirlarni o‘tkazish sanoat korxonalarining ekologik xavfsizligini oshirish, atmosfera havosiga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda kuz-qish mavsumi boshlanishidan oldin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA