Namangan – Vitebsk o‘rtasida hamkorlik kengayadi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, Prezidentimizning shu yil iyul oyida Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi. Mazkur tashrifda ikki davlat o‘rtasida hududlararo hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Namangan viloyati hokimligi mutasaddilari, yirik ishlab chiqaruvchi biznes doiralari vakillaridan iborat delegatsiya hududlararo aloqalarni kengaytirish maqsadida Belarus Respublikasiga tashrif buyurdi.

Dastlabki manzil Vitebsk viloyati bo‘lib, unda sanoat va tadbirkorlik sohalarida hamkorlik masalalari muhokamalar qilindi.

Vitebsk – Belarusiyaning shimolida joylashgan ma’muriy hudud hisoblanib, maydoni taxminan 40,1 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. 21 tumandan iborat Vitebsk mamlakatning muhim sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va logistika hududlaridan biridir. Ayniqsa, Novopolotsk va Polotsk atrofidagi sanoat majmualari, Vitebsk va Orshadagi ishlab chiqarish korxonalari mintaqaning iqtisodiy ahamiyatini oshiradi.

Delegatsiya rahbari – Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov hamda Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik o‘rtasidagi uchrashuvda ikki viloyat o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya a’zolari xizmat safari chog‘ida Vitebsk viloyati Orsha tumanida joylashgan “Bremino-Orsha” maxsus iqtisodiy zonasiga bordi. 2019-yil 22-iyunda faoliyatini boshlagan maxsus iqtisodiy zona qulay geografik joylashuvga ega.

Hudud multimodal sanoat-logistika majmuasi va xalqaro “Orsha” yuk aerodromini o‘z ichiga oladi. Asosan sanoat mahsulotlarini qayta ishlash, ulgurji savdo, elektron tijorat, logistika va ombor xizmatlari kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan.

E’tiborlisi, ushbu hududda tadbirkorlik faoliyatini yuritishga qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, maxsus huquqiy rejim doirasida soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari taqdim etiladi.

Tanishuvlar davomida logistika yo‘nalishlarini optimallashtirish, muntazam yuk tashish hajmini oshirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.

Namangan viloyati delegatsiyasining Belarus Respublikasiga amaliy tashrifi davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.