Poytaxtimizda Yoshlar ishlar agentligi va AT «Xalq banki» bilan hamkorlikda «Mutolaa» loyihasining taqdimoti va «Qo‘rqma» asariga ishlangan hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, kitob o‘qish va uning targ‘ibotini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalarini jamlab, aholi, jumladan, yoshlar uchun elektron, audio va video variantlarda bepul foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan taqdimotda jamoatchilik faollari, adabiyotshunos, yozuvchi va shoirlar, nashriyot vakillari, faxriy mehmonlar hamda OAV vakillari tashrif buyurdi. Tadbir teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi bilan boshlanib, ilovaning keng qamrovli taqdimoti amalga oshirildi.

Tadbirda qayd etilganidek, «Mutolaa» loyihasi Prezidentimizning 2023-yil 28-noyabrdagi «Yoshlar uchun ming kitob» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda 2024-yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston-2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida» gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida 1 ming 100 dan ortiq kitobning audio va elektron variantlari tayyorlanib, mobil ilovaga joylashtirildi. Mazkur loyiha aholi ayniqsa, yoshlar orasida ommalashib, bugungi kunga qadar 277 mingdan ortiq kitobxon ushbu mobil ilovadan foydalanmoqda.

Loyiha doirasida kitobxonlik sohasida yangi yo‘nalish hisoblangan kino-kitob yaratish bo‘yicha dastlabki ish sifatida «Qo‘rqma» kitobi uchun badiiy hujjatli film suratga olindi.
Ushbu badiiy filmni xorijiy davlatlarda ham ommalashtirish maqsadida mazkur asar 4 ta xorijiy tilga jumladan, ingliz, rus, turk va ispan tillarida tarjima qilindi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalish bo‘yicha «Kichkina Shahzoda» va «Dahshat» asarlariga badiiy hujjatli filmlar suratga olindi. Loyiha doirasida joriy yil yakuniga qadar 1 milliondan ortiq kitobxonni kashf qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 204 ta tuman markazida yoshlar yetakchilari va faol yoshlar bilan birgalikda loyihaning onlayn taqdimoti va «Qo‘rqma» filmi jonli translyatsiyasi tashkil etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA