Bugun hayotimizdagi taraqqiyot, rivojlanish, yangilik va natijadorlik IT xizmati bilan uzviy bog‘liq.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 22 fevral kuni hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham IT xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollargacha oshirish reja qilingani, buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT-arxitektor, operator va muhandislar kerakligi ta’kidlangandi.
Ushbu soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan yoshlardan biri Abdulaziz Yoqubov bo‘lib, u ayni paytda Andijon yoshlar texnoparkiga rahbarlik qilmoqda. Shu bilan birga yaqinda ikkita yangi loyihaga qo‘l urdi. Ulardan biri IT sohasida ingliz tilini o‘rgatuvchi “SpeakEng“ ilovasi bo‘lsa, ikkinchisi o‘zbek segmenti uchun yaratilgan “Tokcha” nomli badiiy kitoblar elektron hamda audio ko‘rinishidagi platformadir. "Google"ga joylangan ushbu platformadan tez kunlarda kitobxonlar foydalanishi mumkin bo‘ladi.
– Internet tarmog‘ida elektron kutubxonalar mavjud. Siz yaratgan “Tokcha” platformasining afzalliklari nimada?
– Biz yaratgan loyihada kitoblarni elektron tarzda o‘qish, audiosini eshitish mumkin, – deydi qahramonimiz A.Yoqubov. – Bundan tashqari kitobning shriftini katta-kichik qilish, kerakli joylarini belgilab, iqtibos degan joylarga olib qo‘yish, kitob uchun izohlar yozish ya’ni uni baholash mumkin. Sizdan keyin uni o‘qimoqchi bo‘lgan odam izohlarga qarab kitob haqida tasavvurga ega bo‘lishi mumkin.
Platformada reyting jadvali ham bo‘lib, eng faol kitobxonlarni hafta, yil, oy bo‘yicha aniqlab boramiz. Ko‘p kitob o‘qigan kitobxonlarga sovg‘a ulashamiz. Kitobxonlar tahlilini ham yuritamiz. Ya’ni qanday kitoblarga qiziqyapti, bir kunda nechi varaq kitob o‘qidi, qancha vaqt sarfladi, o‘sish tempi qanday ketayotganini tahlil qilib boramiz.
– Bunday loyihani faqatgina kitobni yaxshi ko‘radigan va ko‘p o‘qiydigan odamgina yaratishi mumkin. O‘zingiz ko‘proq qanday kitoblar mutolaa qilasiz?
– Qalin muqovali kitoblarni yonimda ko‘tarib yurish noqulay bo‘lgani sababli shu platformani yaratdim. Qalin kitoblarni har doim yoningizda olib yurish qiyin, telefon esa doimo biz bilan. Mutolaaga kelsak, ko‘proq qarashlarimni o‘zgartirib yuboradigan badiiy kitoblarni o‘qiyman. “Choliqushi”, “Raqamli qal’a, «1984» kitoblari juda yoqadi.
Ayrim kitoblar nafaqat insonning qarashlarini, balki butun jamiyat hayot tarzini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Misol uchun, Den Braunning “Raqamli qal’a” romani qarashlarimni o‘zgartirgan. Bu kitobni o‘qigach, tanlagan kasbimga bo‘lgan mehrim ortib, ko‘p narsalarni o‘rganib, yangi ishtiyoq bilan harakat qilishni boshlaganman.
– Akademiyada bugun yoshlarga qanday imkoniyat yaratib berilgan?
Akademiyamizda asosan 9 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ta’lim oladi. Ularning robototexnika hamda texnologiyaga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish va rag‘batlantirish, xalqaro musobaqalarda qatnashtirib, kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lishlariga imkoniyat yaratish asosiy maqsadimiz. Buning uchun biz o‘zimizning o‘quv qo‘llanmalarimizni ishlab chiqqanmiz, robot konstruktorlarimizni yaratganmiz.
– 2020 yilda Prezidentimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangansiz. Sizningcha, ushbu mukofot qaysi xizmatlaringiz uchun berildi?
– Mukofotga erishish oson emas. Ushbu mukofot Andijon viloyatida IT sohasining rivojlanishiga qo‘shgan hissam hamda shogirdlarimning xalqaro musobaqalardagi yuqori o‘rinlari uchun berilgan.
Nigora Rahmonova, O‘zA