Qadimiy va milliy ohanglar tanlovi
Milliy maqom, xalq qo‘shiqlari va folklor san’ati — xalqimizning asrlar davomida sayqal topgan bebaho ma’naviy merosidir. Ana shu noyob boylikni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish va nuroniylarning hayot tajribasini e’zozlash yo‘lida yurtimizda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tashkil etilgan “Nuroniylar kuylaganda” shiori ostidagi maqom va milliy qo‘shiqlar ijrochiligi bo‘yicha ko‘rik-tanlov ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qildi.
Tanlov nafaqat san’at bayrami, balki milliy qadriyatlar, ustoz-shogird an’analari va avlodlar vorisligini ulug‘lagan ma’naviyat tantanasiga aylandi.
Tanlovning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Xurshid Tohirov ishtirok etib, nuroniylarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning boy hayotiy tajribasi hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yosh avlod ongiga singdirishdagi xizmatlarini yuksak baholadi. Shuningdek, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar milliy san’atni rivojlantirish, maqomchilik va folklor ijrochiligi an’analarini keng targ‘ib qilish, yoshlarda milliy musiqaga mehr va hurmat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Nizom talablariga muvofiq, tanlovda 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda 55 yoshdan oshgan ayollar yakkaxon tarzda ishtirok etdi. Har bir qatnashchi o‘zini tanishtirish, maqom yoki milliy qo‘shiq ijrosi hamda folklor yo‘nalishida erkin chiqish shartlari bo‘yicha hakamlar hay’ati oldida mahoratini namoyish qildi.
Ayniqsa, ishtirokchilar ijrosida yangragan mumtoz maqomlar, dilga yaqin xalq qo‘shiqlari va milliy kuylar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Har bir chiqishda yillar davomida orttirilgan hayotiy tajriba, milliy san’atga muhabbat va yuksak ijro madaniyati yaqqol namoyon bo‘ldi. Tomoshabinlar har bir kuy va qo‘shiqni katta qiziqish hamda samimiy olqishlar bilan qarshi olishdi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning ovoz imkoniyati, ijro mahorati, sahna madaniyati va milliy an’analarga sodiqligini inobatga olgan holda g‘oliblarni aniqlashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar munosib ravishda g‘olib deb e’tirof etildi. Birinchi o‘rin sohiblari tanlovning viloyat bosqichida Qorako‘l tumani sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tadbir so‘nggida barcha faol ishtirokchilar “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri