Subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar uchun maqsadli ipoteka omonati joriy etildi
Uy-joy sotib olish uchun subsidiya xabarnomasiga ega bo‘lgan fuqarolar endi dastlabki badalni bir yo‘la emas, bosqichma-bosqich jamg‘arish imkoniyatiga ega. Buning uchun tijorat bankida maqsadli ipoteka omonatini ochish mumkin.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, yangi mexanizm fuqarolarga dastlabki badal uchun o‘z ulushini shakllantirish, jamg‘arilgan mablag‘larga qo‘shimcha foiz daromadi olish va belgilangan talablar asosida ipoteka kreditini rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Subsidiya xabarnomasiga ega fuqaro uning amal qilish muddati davomida dasturda ishtirok etuvchi tijorat bankida maqsadli ipoteka omonati ochadi.
Dastlab, fuqaro ipoteka krediti uchun zarur bo‘lgan dastlabki badalning o‘z ulushini omonatga jamg‘arib boradi. Fuqaroning belgilangan ulushi to‘liq shakllantirilgandan so‘ng, dastlabki badal uchun ajratilgan davlat subsidiyasi omonat hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Shu bilan birga, omonatdagi mablag‘larga bank tomonidan bozor foiz stavkasi asosida foiz hisoblanadi. Demak, fuqaro nafaqat o‘z mablag‘ini jamg‘aradi, balki omonatdan qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Maqsadli ipoteka omonati 12 oygacha bo‘lgan muddatga amal qiladi. Shu vaqt davomida fuqaro birlamchi uy-joy bozoridan o‘z ehtiyoji va imkoniyatiga mos xonadonni tanlab, ipoteka kreditini rasmiylashtirishi mumkin. Agar ipoteka krediti ajratilsa, omonatdagi mablag‘lar, ularga hisoblangan foizlar, davlat subsidiyasi hamda ipoteka krediti mablag‘lari uy-joy sotib olishga yo‘naltiriladi. Bu mexanizmning muhim jihati shundaki, fuqaro dastlabki badalni shakllantirish jarayonida mablag‘ni rejali ravishda jamg‘arish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ipoteka krediti ajratish rad etilgan holatda ham fuqaroning o‘z mablag‘lari himoyalangan. Bunda fuqaroning omonatga joylashtirgan mablag‘lari hisoblangan foizlari bilan birga qaytariladi. Davlat tomonidan dastlabki badal uchun ajratilgan subsidiya mablag‘lari esa belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytariladi. Shu jihatdan, yangi mexanizm fuqaroga o‘z mablag‘larini jamg‘arish va ulardan foiz daromadi olish imkonini bersa, davlat subsidiyasidan faqat belgilangan maqsadda — uy-joy xaridi uchun foydalanishni ta’minlaydi.
Mexanizmning amaliyotda qo‘llanila boshlagani bo‘yicha dastlabki natijalar ham e’lon qilindi. 2026-yil 1-avgust holatiga respublika bo‘yicha 338 ta maqsadli ipoteka omonati ochilgan. Ularda jami 23,9 milliard so‘m mablag‘ jamg‘arilgan. Shundan, 13,8 milliard so‘m — fuqarolarning o‘z mablag‘lari, 10,1 milliard so‘m — dastlabki badalni shakllantirish uchun ajratilgan davlat subsidiyalaridir. Demak, jami jamg‘arilgan mablag‘larning qariyb 58 foizi fuqarolarning o‘z mablag‘lari, 42 foizga yaqini esa davlat subsidiyasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Maqsadli ipoteka omonati mexanizmining asosiy afzalligi — fuqaroga uy-joy xaridini oldindan rejalashtirish va dastlabki badalni bosqichma-bosqich shakllantirish imkonini berishida. Bunda davlat subsidiyasi, fuqaroning shaxsiy mablag‘lari va bankdagi omonatga hisoblanadigan foizlar bir mexanizm doirasida jamlanadi. Shu ma’noda, yangi tartib uy-joy xarid qilishni rejalashtirayotgan va subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirib, ipoteka kreditini rasmiylashtirishga tayyorgarlik jarayonini yanada tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA