Metroda 6 oyda 155 milliondan ortiq yo‘lovchi tashilgan
Bugun poytaxtimiz Toshkent shahrida aholi va mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish, jamoat transportidan foydalanish ko‘lamini kengaytirish borasida tizimli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Odamlarning uzog‘ini yaqin qilishda, xavfsiz, qulay va tezkor jamoat transportidan foydalanishlarida metro xizmati alohida o‘rin tutadi.
So‘nggi yillarda Toshkent metropoliteni tizimida zamonaviy sharoitlarni yaratish, yo‘lovchilarga tezkor va ishonchli xizmat ko‘rsatish borasida bir qator ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Yangi, yer usti metrosining ishga tushirilgani, metro yo‘llari shaharning eng chekka hududlarigacha yetkazilgani, bekatlarda qulayliklar yaratilayotgani poytaxt aholisi va mehmonlarni mamnun qilmoqda.
Sohadagi islohotlar samarasi o‘laroq, metropoliten xizmatlaridan foydalanayotgan yo‘lovchilar soni ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida metropoliten orqali 155,6 million yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 7 foizga oshgan.
Bundan ko‘rinadiki, kengayib borayotgan metropoliten xizmatlari yo‘lovchilarning ishonchini oshirmoqda, undan foydalanuvchilar sonini ko‘paytirmoqda. Yozda salqin, qishda issiq, tez va qulay bo‘lgan metro xizmati poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish, aholiga yanada keng imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA