Mahalla yettiligi – muhim ijtimoiy institutlardan biri
«Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad!»
Shu yil 21-iyulda davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “mahalla yettiligi” faoliyatiga alohida to‘xtalib, yutuqlar bilan birga muammo va kamchiliklar aytib o‘tildi. Yettilik faoliyatini yanada samarali tashkil etish borasida bir qator vazifalar belgilab berildi.
Bu bejiz emas. Chunki bugun “mahalla yettiligi” tizimi har bir mahalla va hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahalladagi katta-kichik muammolarni, oilaviy nizolarni hal etish, xotin-qizlar va yoshlarni himoya qilish va bandlikni ta’minlash kabi qator masalalarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan ushbu yo‘nalishdagi islohotlarga nazar tashlar ekanmiz, bugun mahalla yettili aholimizning eng yaqin ko‘makchisiga, himoyachisiga aylanganini ko‘ramiz.
Ushbu tuzilmaning mamlakatimiz va jamiyatimiz rivojidagi o‘rni va ahamiyati borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini yanada mustahkamlash, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “mahalla yettiligi” tizimi shakllantirildi. Ushbu tizim mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy masalalarni kompleks yondashuv asosida hal etishga xizmat qilmoqda.
Mahalla yettiligi davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, har bir oilaning, qolaversa, har bir fuqaroning ehtiyoj va muammolarini aniqlash hamda ularni manzilli hal etish mexanizmlarini takomillashtiradi.
Mahalla yettiligi mahalladagi turli sohalar uchun mas’ul vakillarning hamkorlikdagi faoliyatiga asoslangan tizim bo‘lib, aholining ijtimoiy muhofazasi, bandligi, huquqiy ongi, yoshlar tarbiyasi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalarni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Bunday yondashuv mahalladagi muammolarni alohida emas, balki o‘zaro bog‘liq holda ko‘rib chiqish imkonini beradi. Natijada aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, davlat xizmatlarini manzilli yetkazish va ijtimoiy dasturlarning samaradorligini oshirishga erishilmoqda.
Mahalla yettiligining muhim vazifalaridan biri ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning turmush sharoitini yaxshilashdan iborat. Bu aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy tenglikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mahalla darajasida aholining bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va imtiyozli moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishga ko‘maklashish mahalla yettiligining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bu mahalliy iqtisodiy faollikni oshirish va aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish hamda xotin-qizlarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham mahalla yettiligi faoliyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu oila mustahkamligi va jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, yettilikning jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilik profilaktikasi, oilaviy nizolarning oldini olish hamda aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ustuvor vazifalari ham bugunning eng dolzarb masalalardan. Bu mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, mahallada milliy qadriyatlar, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasidagi faoliyat ham mahalla yettiligi zimmasidagi muhim yo‘nalishlardandir. Mahalla yettiligi aholi muammolarini joyida o‘rganish, davlat organlari faoliyati bilan jamoatchilik o‘rtasida samarali muloqotni ta’minlash va qabul qilinayotgan qarorlarning hayotga tatbiq etilishini nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mahalla yettiligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim ijtimoiy institutlaridan biri sifatida shakllandi. Aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, bandlikni ta’minlash, mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda yettilikning faol sa’y-harakati alohida ahamiyatga ega.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA