"Meta" 13 yoshni raqamli chegara qilib qo‘ymoqdami?
"Meta" kompaniyasi "Instagram" va "Facebook" platformalarida 13 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarni aniqlash uchun yangi sun’iy intellekt tizimini joriy qilishini aytmoqda.
Ta’kidlanishicha, yangi tizim profil egalarining suratlari, izohlari, shaxsiy ma’lumotlari va postlarini tahlil qiladi. Tug‘ilgan kun rasmlaridagi shamlar soni, maktab sinfi haqidagi yozuvlar, bo‘y-bast va yuz tuzilishi kabi belgilar orqali foydalanuvchining taxminiy yoshi aniqlanadi.
Agar SI foydalanuvchi 13 yoshga to‘lmaganini aniqlasa, uning akkaunti vaqtincha bloklanadi. Yoshini tasdiqlay olmagan foydalanuvchilarning barcha ma’lumotlari butunlay o‘chirib tashlanadi. Bu qaror Yevropa Komissiyasi “Meta” kompaniyasini YeIda 13 yoshdan kichik bolalarning “Instagram” va “Facebook”dan foydalanishini yetarli darajada nazorat qilmaganlikda ayblaganidan so‘ng e’lon qilindi.
Oksford universiteti professori Endi Pjibilskiy bunday tizim bolalarni himoya qilish bilan birga, ularning shaxsiy ma’lumotlarini keng ko‘lamda yig‘ish xavfini ham oshirishini aytmoqda.
BMT Bolalar jamg‘armasining Germaniya bo‘limi tomonidan joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, Berlindagi 14-16 yoshli o‘smirlarning 74 foizi 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashga qarshi chiqqan.
“Meta” kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, tizim aniqlagan 13 yoshdan kichik foydalanuvchilarning ma’lumotlari keyinchalik o‘chirib tashlanadi. Shu tariqa kompaniya bolalar xavfsizligini kuchaytirish va platformalarda yosh cheklovlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashni maqsad qilgan.
Jasmin Baxtiyorova,
O‘zJOKU talabasi