«Men zo‘r shoir bo‘lmoqchi edim…”
Isroil Shomirning «Ko‘ksimdagi qush» kitobiga so‘zboshi yozgan Usmon Azim «She’rlarida haqiqiy shoirlarga xos hazinlik, sog‘inch ufurib turibdi. Yolg‘oni yo‘q. Qismat yozmishlari shundoq ko‘rinib turibdi. Ammo she’rni mahkam tutmaganlikdan paydo bo‘ladigan parishon o‘rinlar ham bor...» deydi.
Haqrost, Isroil Shomir ko‘pchilik qatori kimligini kech anglagan qalamkashlardan. Ey, odam bu dunyoga nima vazifa bilan kelganini vaqtida bilsa bormi?! Ko‘kayni kesadigan bu savolga kim ham javob topibdi-a?..
Shoir, jurnalist, muharrir Isroil Shomir Boysunning kunchiqar tomonida joylashgan Pulxokim qishlog‘ida tug‘ilgan. Pulxokim Xudoga qaragan el. Lalmi dehqonchilik qiladi. Bog‘-rog‘ga yaraydigan ozgina suvi bor. Uyog‘i chorva. Ilgari Ayiqoldiyu So‘fi Bobogacha jangalzor bo‘lgan. Pulxokimsoyning u betidan bu betiga qamish oralab o‘tilgan. Qamishzor turli xil hayvonlarga makon – boshpana edi. Odamlar ko‘payib, asta-asta daraxtlarni kesib, joy ochishgan. Odamzodning shunday bir vahshiy fe’li ham borda! O‘tgan asrning 50 yillari boshida kolxozlar birlashgan. Irg‘alining yurti bo‘lgan Pulxokimga Chagan, Oqota – Sarqamishning yuqorisidan oboqli oshib kelgan. O‘rlar Qo‘shbuloq, Ko‘kbuloq, Teshiktosh, Qo‘chqorbuloq, Tanapista, Bozorqo‘lidan engan.
Ko‘pchilik ota-bobosi qurgan itorqa uyda to‘rtta echki-ulog‘i bilan andarmon bo‘lsa ham azbaroyi Hazrat Eshonning suvini deb bu joyni tashlab ketmaydi. «Eshon bobom xush ko‘rmaydi ...» deb achchiq ekmaydigan bu el Boysunda «Xitoyqishloq» degan nom ham olgan. Bu ta’rif aholi ko‘pligidan bo‘lsa kerak.
Pulxokimda «Bir boyning bir toyi» bo‘lish juda mushkul. Isroil Rajab boboyu Maysara momoning tilab olgani bo‘lsada, mehnatda yelkasi yag‘ir bo‘lib o‘sdi. «Diydorga eltuvchi yo‘l» she’rida shunday satrlar bor:
«Esimda hovlimiz:
g‘arib uy,pastqam,
Qishda jon saqlardik zo‘rg‘a,
qunishib.
Ulg‘aydik,ustimiz yupun bo‘lsa ham,
Shafqatsiz yillarning oldiga tushib».
Shoir xotiralaridan: – Boboning ko‘p bolasi turmagan. Ko‘zga surtgani men bo‘lganman. Men onadan besh yoshimda qolganman. 1966 yilda uyi singan otam bizni o‘ylab uylanmagan. Otam nihoyatda kambag‘al bo‘lgan. Uyimizning, hatto, ayvoni yo‘q edi. O‘tgan o‘tdi. Endi aytsa bo‘ladi. Bir oylab yovg‘on yemaganmiz. Odam bir tomoni kam bo‘lsayam egni qisiq bo‘ladida! Mening ko‘rgan kunimni hech kim ko‘rmasin. Uyda, hatto, eshak yo‘q. Otam bir yili eshak oldi. Kallapo‘shimni osmonga otganman. Endi eshak minib, dashtdan tezak terib kelaman deb. Chunki, har uch-to‘rt kunda hamsoyalardan «Suv opkelaylik, eshagingizni berib turing...» deyverib bet qolmagan. Nomus qilardim. Lekin yo‘qchilik... Manov, ba’zi yoshlar o‘ynab yuribdi. Xudoga shukr, menga o‘xshab yo‘qchilikni ko‘rgan yo‘qda! O‘v, Toshboyev, u kunlar o‘tib ketdi. 60-70 yillarda qishloqda ko‘pchilik juda nochor yashar edi. Magazinlarda kiyim yo‘q. Biz – o‘quvchilar maktabga tik ishtonda borganmiz. Oyoqda kalish. Ey, qarang. Pit g‘ijillaydi. O‘g‘il-qiz partada o‘tirolmaymiz. Ey, ishtonning ichki tikishlari pitga to‘lib ketgan... Tandir qizitilsa teskari o‘girib qoqiladi. Qars-qars degan tovush chiqadi. Shundayam hammasi o‘lmaydi... U kunlar kun emas edi-ye!.. Shamolli qishloqning chaganasi, ko‘p bo‘lsa, 150-200 ta edida. Nimasini aytasiz. SSSR borku, 70 yillar oxiriga kelib kun ko‘rdi. Boshqa joylarni bilmadim, ammo qishlog‘imizga elektr 1972 yilda keldi. Suvniku aytmasayam bo‘ladi. Hovuz ham yo‘q. Qishda Sariq qirlaridan satillab qor opkelamiz. Katta bir flyaga qorni eritsangiz, bir choydish suv bo‘lmaydi...»
Isroil aka ko‘zlarini yumib, chayir qo‘llarini ko‘targancha she’r o‘qiydi:
«Sening ko‘ngling kuygan,
yuraging pora,
goho uzlatdasan,
ba’zan yo‘ldasan.
Endi bu dunyodan izlama chora,
Yolg‘on mag‘lub etgan gumroh bandasan».
Shoir xotiralaridan: – Studentligimda kechalari ko‘rpani boshimga burkab yig‘lagich edim. Xo‘rligim kelar edi. Hammaga uydan pul keladi – menga yo‘q! Otam o‘sha paytda o‘n ikki so‘m pensiya oladi. O‘n ikki so‘m! Eh-h! 1981 yilda uylandim. Kuyovning kiyishga kostum-shimi yo‘q. Muzraboddagi «Iskra» sovxozdan bir-ikki akaxondalar bor edi. To‘yni o‘shalar ko‘targan. Guruch, pul-mul... To‘y kuni ZAGSga bordik. Eshdavlat aka kotib. O‘sha kundan berman bu odam ko‘zimga cho‘g‘day ko‘rinadi. Qarang, o‘sha paytda ZAGSdan o‘tayotgan har bir yoshga 112 so‘mdan pul beriladi. Shu desangiz, kelinni puliyam senga deb ikki yuz yigirma besh so‘m berdi.
To‘y o‘tgan kunning ertasi sahar Toshkent jo‘nadim. Hayit degan to‘rt «Iskra»chi akaxondam Termizga opkeldi. Poyezdga bilet yo‘q. Bir balo qip obshiy vagonga chiqarishdi. Kissamga yana yigirma besh so‘mdan pul tiqyaptida. Ularning mehribonchiligini ko‘rib yig‘layman. Hech o‘pkamni bosolmayman. Ko‘zyoshlarim to‘xtamaydi. O‘-o‘, qanday odamlar o‘tdi-ya! E-e, ular asli dehqonobodi edi. Yorma degan joydan. Men qoramtir yuztalikni o‘shalarda ko‘rganman. Keyin pul almashguncha qaytib yuztalik ko‘rganim yo‘q.
Qarang, o‘sha paytda Toshkentda yetmishga yaqin pulxokimchi o‘qir edi. Yetmishta! Biron kishi mardikorga chiqmas edi. Falonchi mardikor bozorga chiqib ishlayapti, degan gap o‘lim bilan barobar edi. Men bir balo qilib kiyimlarimni papkalarga tiqib, jo‘ralarimning oldiga borayapman, deb kvartiradan chiqar edim. Qiziriqlik oshnalarga qo‘shilib mardikor bozorga boramiz deng. Ukkag‘ar, meni birov ishga olmaydida! Orriq molning bozori yurmaydiku! Igna yutgan itday ozg‘inman, bilaklarim cho‘pday. Oshnalarim baquvvat, polvon. Bilaklari to‘la. Uch kishi bir joyda turamiz. Ko‘tara savdo bo‘ladi. «Uchovmiz bir...» deydi. Mollarning ham ko‘taramini ko‘tarasiga oladiku. Shunday bo‘ladi. Boramiz. O‘ttiz so‘mga dogovor qilingan. Moshinda opketgan haligi toshkentlik ish tugagandan keyin pulni berib, ko‘chani ko‘rsatib qo‘yadi. Ijara uyga bir amallab yetib kelamiz. Nazarbekka ko‘p borgich edik. Mabodo ikki kishi borsak o‘n besh so‘mdan tegadi. Bu endi katta pul.
Institutni bitirib kelganimda uyda bir tirriq uloq yo‘q edi.
Rahmi kelgan tog‘am qizini shunday berib yuborgan. «Obboraver...» deb. Lekin na qaynota, na tog‘alarga suyandim. Tuyasini o‘rga tortadigan odammanku. Endi, bilasiz, ayolim chorvaning ichida o‘sgan. Bitta echki oldik – ikkita bo‘ldi. Bitta qo‘y oldik – ikkita bo‘ldi. Shuytib-shuytib, boboning, ho‘-o‘v, mana bu mollar kimniki desa, Isroilboyniki degich bo‘ldi...»
Shoir jarangdor ovozda she’r boshlaydi.
«Men kimman...
Dunyo shuhratiga injiq da’vogar.
Hech kimman...
Aslida she’rimdan bo‘lak narsam yo‘q,
Yurakda dardim bor bo‘yim barobar».
Sirtdan xotirjam, sokin ko‘ringan bu odam qalbidagi teran mahzunlikni faqat she’r aytayotganda ilg‘ash mumkin.
Navro‘z arafasi qishloqqa ketma-ket borishimga to‘g‘ri keldi. Shuhrat hoji mulla-mo‘ysafidu og‘a-inilarni choyga chaqirgan ekan. To‘qsonboy va saksonboylar – Ro‘zi bobo, Mustafoqul hoji, Xonim hoji gurungi yaqin yuz yillik o‘tmish haqida bo‘ldi. Gurungdan so‘ng bitay deb qolgan yangi masjid tomon yurildi. Otamning sinfdoshi – saksonga borayotgan Tursoat muallim Xoliyorovga duch keldik. Anchadan buyon ko‘rishmagan sinfdoshlar quchoqlasha ketdi. Gurung o‘z-o‘zidan qizidi. Ha, darvoqe, oilaviy albomda «1965 yil yanvar» deb imzo chekilgan bir rasm bor. Tursoat Xoliyorovning askarlikda tushgan surati va undagi ba’zi satrlar bolalik xotiramda jonlanadi:
«Rossiya qo‘ynidaman – vatan posboni,
Oq choyshab yopingan o‘lka bag‘rida...»
Xudo bergan iste’dodni yuzaga chiqarolmagan Tursoat boboning she’riy maktublarini farzandu nevara-chevaralari yodaki aytib yuradi.
Keksa muallim so‘zlarni salmoqlab, urg‘ularini joy-joyiga ko‘ygan holda, o‘ktam ovozda gurung beradi: – Iste’dod – Xudodan. O‘zi yuqtirmasa – bekor. Ergash Annaqul degan o‘tdi. O‘-o‘, agar Toshkentda bo‘lganda Ergash Karim jo‘lda qolar edi. O‘ta talantli odam edi. Hozirjavob, topqir. Ergash Annaqul unday degan, Ergash Annaqul bunday degan deb xalqning tilida qop ketdi. Yana, Boysariboy degan o‘tdi. Uyam o‘ta iste’dodli edi. Odamning yurish-turishidan niyatini o‘lchab olar edi. Manavining fikri bunday, manavi hozir shunday deydi, degich edi. Zukko odam edi. Befarzand o‘tib ketdi. Pulxokimda qadimdayam baxshi-shoirlar bo‘lgan. Oboqlidan Qora Pirman degan baxshi o‘tdi. Bu... endi yuz yil burungi gap. Bosmachiyam deydi u kishini. Lekin o‘ta kuchli baxshi bo‘lgan. Qamalgan. Qamoqdan ikki qulog‘i chippa bitib, kar bo‘lib kelsayam doston aytishini qo‘ymagan. Yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda Xidir sozanda, Xidir qiziqchi, Xidir do‘mbirachi degan o‘tgan. U do‘mbirani kapaning ichida chalar ekan. Do‘mbira shunday avjiga chiqqan vaqtda qushlar kelib kapaning ustida aylanar ekan. Itlar kapaning og‘ziga kelib, ikki oyog‘ini oldinga uzati-ib, kallasini yerga qo‘yib yotar ekan. Ilgarigi vaqtda ham, hozir ham «olmas» degan mollar bo‘ladi. Tug‘adida, bolasini olmaydi. Ana shunday paytda odamlar Xidirdan iltimos qilar ekan, Xidir borib do‘mbirani chalavergandan keyin haligi qo‘y o‘z-o‘zidan bolasini olar ekan. Shunchalik berilib chalar ekanda!
Isroil Shomirning xalqona she’rlari, «Oybarchinga xat»i ildizlarini anglaganday bo‘laman. Shoir bejiz «Alpomish yetti yil chohda yotganda, faqat qo‘shiq aytgan ekan, o‘zini qo‘shib aytgan ekan. Bir so‘zni buzmay, umidini uzmay aytgan ekan» deb yozmagan. «Alpomish» dostonlarining turli variantlari va talqinlarini puxta biladigan shoir dostondan so‘z ketsa hayajonlanib, savod-saviyasi nochor baxshilarni yozg‘ira ketadi: «Ustoz, hozirgi ayrim baxshilarda ijodkorlik yo‘q. Dostonni bilmaydi, tilning ruhini his etmaydi...»
Kuyunchak shoir gapira-gapira birdan jiddiy tortadi va o‘zini Qodir baxshi yo Shoberdi tasavvur etib, qadim qo‘ng‘irot ohangida jo‘sha boshlaydi: «Ana sho‘nda, oti yesan-omon chakdan chig‘arip og‘annan so‘ng, Olpamish muritdi burab, oyoqdi uzangiga tirab asta-aa Boysunga oralayberdi. Bir to‘baning ustidan borib qobedi, chepkani bor iynida, hech kimi jo‘q keynida, jorti noni qo‘ynida– jetmishga kirgan bir chol «Ho‘-o‘, jetti jillab ketkan bolam bormisan» deb izillab jilab kelaberdi. Sho‘nda Olpamish: «Ho‘-o‘, bobo, mamlakatda nima gapi-xabar bor» deb so‘radi. Sho‘nda bobo: «Ho‘-o‘, bolam, sening mamlakatda bo‘mag‘aningga jetti jil bo‘ldi, mamlakat jo‘q bo‘p ketgan, elu xalq sho‘x bo‘p ketgan, Ultontoz joy-joyingga bek bo‘p ketgan. Jetti jildan berman Oybarchiningdi olaman deb jotipti, ko‘nmay jotipti. Har kuni Oybarchinning ijobiga jetmish taka-qo‘chqordi so‘yaman, bir tobog‘igayam jetmay jotipti» dedi. Sho‘nda, «Ho‘-o‘, bolam, mening qo‘shxonamga mehmon bo‘p kepsan, kel, bir sarkani so‘yayiq, go‘shtiga to‘yayiq» deb bobo bir sarkani so‘ydi, go‘shtiga yekkovi to‘ydi, Olpamish sarkaning qilidan mo‘ylov qo‘ydi, soqol qo‘ydi. Misli Qultoy bo‘p, Oybarchinning ijobiga tortiq deb oldiga jetmish taka-qo‘chqordi haydab shunday to‘yxonaning ustidan borib qoldi. Qarasa, bir joyda ko‘pkari chobilayapti, bir joyda olish bo‘layapti, bir joyda odamlar qurga o‘tirib ovqat jep ketayapti. Boynag‘i taka-qo‘chqorlardi topshirib, shunday qurga o‘tirip qarabedi, jetti joyda jetti qozonda osh pishayapti, o‘zining pushti kamaridan bo‘lgan Jodgar jetim bolasi qozonning ostig‘a shiboqdan o‘tindi qalab, qozondan uchib tushgan guruchlardi musichaday-musichaday, hakkallab-hakkallab terib jeb juribdi. Ana sho‘nda, «Ho‘-o‘, Jodgar jetim, ma go‘sht jesang deb toboqdag‘i jilikdi Jodgar jetimga uzatbedi, jetti jildan berman go‘sht ko‘rmagan Jodgar boynag‘i jilikdi misli lochin qushday bo‘p tappa yekki oyog‘iminan bosdida. Buni ko‘rgan oshpazlar: «Sag‘ir bo‘g‘annan keyin sug‘anaqlik qilarakandagin, mehmongayam ovqat jedirtmaydikan» deb Jodgar jetimning tos manglayiga kapkirtminan sobedi, Jodgar jetim chalqayraman jig‘ilip, «Otajonimdi ko‘rib qog‘an bobojon, mening otam qaytib kelama yo sag‘irga shunday kun bo‘lama» deb izillab jilab turg‘an joyi».
«Menga asli she’rni o‘rgatgan,
To‘rg‘ay –
dashtning mahzun shoiri» deya iqror bo‘lgan Isroil Shomir boshida goh bulut, goh quyosh o‘tayotir. Xalqchillik – bu uyg‘oqlik demak. «Endi uyg‘onmaslik o‘limdan og‘ir» deb ont ichgan shoirning yorqin, samimiy satrlari sodda she’r muxlisining esida qolishi tayin. Saratonda soydagi tobako‘lda cho‘milmagan, achchiq suvdan yuzi sho‘rlab, tusi echkemarday bo‘lmagan qishloq bolasi bor ekanmi? Qulog‘iga suv kirsa quyoshda qizib yotgan yalpoq toshni bosib, bir oyoqda sakrayotgan shotaymas u mahal
«Soy – asov bedovdir,
men bir chobag‘on,
Suv esa qo‘limda yaltiroq qamchi» deya o‘ylardimi?
Qo‘ng‘iroqday ovozini saqlab qololgan Umid, ha-ha o‘sha, o‘tgan asrning 80 yillarining mashhur qo‘shiqchisi Umidjon Turopov Isroil Shomirning she’rini o‘z dardi deb biladi:
«Men bir ohu bolasi edim,
Xush ko‘rardim tog‘lar saylini.
Izlarimni sog‘inib keldim,
Sizlar bilan qolsam maylimi?»
Isroil akadagi qaysarligu kamtarlik otameros. Ustozning «Polvon» nomli pesasi, Muqimiy yo‘lida bitilgan «Sayohatnoma»si va tarixiy-publitsistik badialari e’lon qilinmagan. Sababi...
– Tarixiy maqolalardan ko‘nglim to‘lmaydi. Chala joylari ko‘p... E-e, To‘g‘iz momo, Ahmad korol qishloq tarixini munchoqday qip ipga tizgich edi. Ularning qadri yomon o‘tyapti. Aql kech kirar ekanda!..
O‘zini yanib, malomat qilayotgan oltmishboy yoshlik davri mayu nobga qo‘shilib sipqorilganiga, o‘tkinchi shamollarga sovurilganiga o‘kinadi.
Isroil aka jurnalist Majid Abdurahimdan tanqid yozish sirlarini o‘rganib, o‘nlab feletonlar bitdi. Eh-he, gazeta Ochil Parda davrida gazeta edida! «G‘alaba»da feleton bo‘lgan rahbar ertasiyoq kursi bilan xayrlashardi. Tog‘asi – To‘raqul Hamro Boysunga hokim bo‘lganda ham shoir o‘rligicha qoldi. Yaltoqlanib amal olmadi. Ayrim hamkasblariga o‘xshab ko‘ringanni qo‘rqitib pul yig‘madi. Boriga qanoat qildi. Harom-harishdan parhez qilib o‘tgan Ochil Pardaning, shubhasiz, katta ta’siri bor.
Shoir xotiralaridan: – Ochil Pardayevni otamday ko‘rib qolganman. Dirranda bachchani olti oy o‘tmay bo‘lim mudiri etib tayinladi. Undan keyin mas’ul kotiblikka qo‘ydi. O‘sha payt mas’ul kotibning oyligi raykomning instruktori maoshiga tenglashtirilgan – 140 so‘m edi. Bu pulga ellikta krugli yog‘och berardi.
Isroil aka jurnalist sifatida e’tibor topdi. Viloyat, respublika tanlovlari g‘olibi bo‘ldi. Matbuotdan ortib, uchta she’riy to‘plam chiqardi. Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. Toshkentdami, Boysundami uchrashsak gap, albatta, ko‘ngil ishi – she’riyatga kelib taqaladi. Shoir birdan ma’yus tortadi. «Men zo‘r shoir bo‘lmoqchi edim. Lekin bo‘lmadim...» deganmanku. Eh, bu turmush tashvishlari... Odam shu bilan o‘ralashib qolsa yomon ekan. Abdulla akaning gapi bor, bilasiz...» deya she’r o‘qishga tushadi:
«Xotin ish buyurar,
Bola yig‘laydi,
Bog‘cha deb qaygadir yugurmoq darkor.
Balki shu tashvishlar bo‘lmasa edi
Shoir bo‘larmidim ancha ulug‘vor.
Turmush tashvishlari,
Turmush tashvishlari.»
Shoir bahorning ilk kunlari Toshkentga keldi. Uch kun suhbat qilsak ham gapimiz ado bo‘lmaydi. Goh peshin, goh shomdan keyingi ziyofat-gurunglar oxirida rahmatli Sunnat akaning sozini qilib, «Bunisi hisobmas...» deymiz. Davradoshlar qah-qah otadi. Isroil aka nafasini ichiga tortib-tortib kuladi. Gap mavzusi o‘tmishga buriladi. Qishloqdagi burungi bir gurung esimga tushadi: «Mamarajab bobo yoshligida juda baquvvat bo‘lgan. Bo‘rini yalangoyoq quvalab, tayoq bilan urib olgan. Ukkag‘ar, nemisni quvib, Berlingacha borganda! Zo‘rligidan pulemyotchi, snayper bo‘lgan...»
Shoir xotiralaridan: – Otam juda oriyatli odam edi. Adolatsizlikni ko‘rsa, birdan xuni buzilar edi. Oltmish besh yoshlarda ham qirchillama yigitlarni «Bobojon...»latib urganini ko‘rganman. Uyalganimdan qochib ketar edim. Oldingi odamlar sodda bo‘lgan. Tayoq yesa ham indamay ketar, hatto, ertasi kelib kechirim so‘ragich edi. Xatosini biladida. Hozir ming xato qilsin, birovni bir shapaloq urib ko‘ring... O‘h-ho‘, sudma-sud qatnab yurgan kuningiz... Otamdan qo‘rqqich edim, – deya so‘lish oladi Isroil aka. – «Otamga g‘oyibona aytganlarim» degan she’rimda ko‘nglimda borini yozganman. Armon to‘la bolalik haqida ko‘p she’r qoraladim. Bittasidan to‘rt qator o‘qib beray:
«Otam dashtdan qaytar chorig‘in sudrab,
qo‘lda zarang tayoq,
yuzi chang, g‘ubor.
Kiprigiga qo‘ngan munglarga qarab,
Dunyo,
mening uchun bir yig‘lab yubor».
Otamning bo‘yi ikki metrdan ziyod edi. O‘ttizinchi yillarda NKVDda ishlagan. U paytda Boysunda qamoqxona yo‘q. Sud Denovda bo‘lgan. Xullas, bir avliyosifat mulla ustidan chaquv tushadi. Bunday sotqinliklar ko‘p bo‘lganku! Otam aytar edi: «Yigirma beshga kirib-kirmagan bo‘z yigitman. Mullaning yoshi qirqlarda bor. Men otda, naganim bor, mulla qo‘li kishanlangan, piyoda. Denovga jo‘nadik. Shunday yo‘l bor edi. Gandadan oshib, Qayrag‘ochning usti, Chagan bilan Xo‘jaipokka chiqib boriladi. Uyog‘i Denovga oshib ketiladi. Cho‘ponlarning o‘tovi bor yo‘llarda. Choy-poy ichib, dam olib yo‘l yuriladi. Ketyapmiz. Mullaga «Qiyshanglasang, otib tashlayman...» deb qo‘yaman. Qayrag‘ochga yetaverib, mulla yolvora boshladi. Shunday elandi, shunday elandi... Meni qamoqqa obborgandan ko‘ra shu yerda otib tashla deb Xudoning zorini qildi. Chunki Denovga borgan mahbusni qamoqdan to‘g‘ri poyezdga bosib, etap qilib Sibirga opketishadi. Mulla to‘xtovsiz yalinaverganidan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. G‘aflatda qoldim. Keyin o‘yladim: «Bu mulla o‘g‘irlik qilmagan, birovni o‘ldirmagan, begona poshkastaga ko‘z olaytirmagan bo‘lsa... Aybi – Qur’on o‘qigani. Savodi borligi!..» O‘sha yerda qandaydir galim ketdimi, yo rahmim keldimi, yo Rahmon o‘rtaga kirdi, yo Shayton. Bilmadim... «Qocholasanmi?..» – dedim. «Agar qo‘lga tushsang, sen ham o‘lasan, men ham o‘laman» – dedim. «Qochaman!..» – dedi mulla. Kishanni yechdim va bir daraxtning tagiga ko‘mdirdim. «Qoch!..» – dedim. U qochib ketdi. Men esa izimga qaytdim. Boysunga kelaverib, ko‘zim ochildi. Endi nima deyman?.. Milisaxonaga kelib, mulla qochib ketdi, deb aytdim. Uch-to‘rt mirshab soldiku aylantirib: «Enag‘ar, sen otliq bo‘lsang, u piyoda. Qo‘li kishanlangan. Qanday qilib qochadi?..» deb rosa to‘baladi. Men bo‘ynimga olmadim. Qochib ketdi, deb turaberdim. Olti oy qamoqda yotib chiqdim. Oradan yigirma yillar o‘tib yo‘lim shu yoqqa tushdi. Oqdarada mol boqib jurgich edim. Mullani eslab, boyagi joyga bordim. Tayoq bilan kishan ko‘milgan joyni kavladim. Vey, kishan qanday ko‘milgan bo‘lsa shunday turibdi-ye! Keyin bilsam, u qurg‘ur po‘latmi... zanglamaydigan narsadan qilinadi ekan. E-e, to‘g‘risini aytaymi? Qo‘rqqanimdan, kishanni qayta ko‘mdim. Hozir ham turgan bo‘lsa kerak...»
Rajab Shomirning uyi eski maktab bilan devorma-devor edi. Maktab joylashgan tepalikda qishin-yozin shamol hurullaydi. Shuning uchun bu joyni Shamolli qishloq deyishadi. Qizil toba-toshli Shamolli shoirga ilhom bergan bo‘lsa ajab emas. Tarix shaydosi Isroil Shomirning aytishicha, Pulxokimda qorateginlik bir boy yashagan. Uning cho‘pkori uyi yaqin yillargacha bo‘lgan. Boyning otxonasi sho‘ro hukumatiga qarshi kurashgan Anvar Posho aksarlariga ham asqatgan. Otxona izi yaqin ellik yil burun ham bor edi, deb eslaydi shoir.
Tursoat muallim tomoq qirib, soqolini silab gap beradi:
– Anvar Posho Pulxokimga qo‘ngandan so‘ng odamlar Boboqozoq, Takatining daralariga ko‘chib chiqib ketgan. Qishloqdagi uylarga kirib olgan askarlar tomlarni buzib, yog‘ochlarini yoqib, vayron qip tashlagan... Vahob Ismoilning uyiga borgansizma? Ana shu joyda – «Afg‘on shahid»da ikki mujohid yotibdi...
Gap aylanib, nafaqat tumanda, viloyatda ham mashhur bo‘lgan maktab tarixi, mashhurlik siriga kelib ulanadi.
– Boysundan, Termizdan, Samarqanddan, Toshkentdan yo‘llanma bilan bilan yuborilgan o‘qituvchilar ko‘p edi. Olmoniyadan kelgan Hofmann nemis tilidan, boshqirdistonlik Nikolay Nikonorov, o‘risiyalik Kozilkina, Nojkina, Polina degan yosh-yosh juvonlar rus tilidan, tataristonlik Ibrohim Sodiqov degan birinchi jahon urushi qatnashchisi ayoli bilan tarixdan dars bergich edi. Muallimlar uchun alohida ikki xonali yotoqjoy qurilgan edi. Er-xotin Sodiqovlar medpunktda yotib ishlagan. O‘sha vaqtlarda 24-sonli deb aytilgan Telman maktabiga Qo‘rg‘oncha, Olachopon, Gummatak, Dashtig‘oz, O‘rtabo‘z, Sariqamish, Pudina, Xo‘jabulg‘ondan kelib o‘qigan. Internatda yotgan bu bolalarga ovqat, kiyim-bosh berilgan. 50 yillarda Boysunda o‘rta maktab sanoqli edi. Qishloqlardagi maktablar yetti yillik bo‘lgan.
Isroil Shomir Nikonorovu Kozilkina, Nojkinayu Polinalar Telmanni tark etgandan so‘ng maktabga borgan. Bu paytga kelib o‘rischani qo‘ng‘irot shevasida gapiradigan «malim»lar o‘quvchilarga Pushkin tilidan saboq berayotgan edi. Ta’lim bo‘shashgan deyolmaymiz, ammo 1978 yilda Toshkentga o‘qishga kelgan Isroil Shomirovning o‘ris sotuvchiga kir sovunni «gryaznыy mыlo», sariyog‘ni «jyoltoye maslo» deya murojaat etgani bor gap.
Isroil aka «Hay yora-a-aa..» turkum «post»lari orqali Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida ham mashhur. Achchiq kinoya va kesatiqlar ne-ne kalondimog‘larning uyqusini uchirib, yuragini dirillatmagan deysiz. Hatto bir kattakon «Sizni yaqinda sveti o‘chmaydigan joyga jo‘natib yuboramiz...» ham degan.
Erkin A’zam «Hay yora-a-aa...»ning qo‘ng‘irot shevasidagi bitiklariga muxlis.
Shoir ijodi tug‘ilib o‘sgan joyidan ayricha bo‘lishi mumkinmi?.. O‘zlikni anglash – tug‘ilgan tuproqni tanishdan boshlanadi. Nafsilamrini aytganda, hamalda Pulxokimga kelgan odam tongni osmonga do‘q urib turgan Ro‘zi kalat yoki Takatida kutsinda! Nimaga deysizmi? Bir tasavvur qiling: osmondan to‘kilgan yulduzlar Yerko‘prik bo‘yidagi g‘org‘onaq, bodomcha shoxlarida munchoqday tiziladi. Momoguldirak tovushiyu takal, ifor, kavrak, andiz, oqchayir, qoqi, shuvoq hididan mast bo‘lib, chil, kaklik, bulbullarga taqlidan subhidamda sayr qiladi...
Darada bir otliq ko‘rindi. O‘-o‘, qaranglar, shoirmikan? Baxshidir-ov, otining yoli taram-taram. Oqkesikdan o‘tdimi? Dunkillakda tuyoq tovushi. Toba-toshga quloq tuting. Ko‘ringanning qaddi tikmi? Qo‘lida tutgani zarang tayoqmi yoki do‘mbira?..
Olisdagi otliqning mungli ovozi eshitiladi:
«Shoir demang, men bir yo‘lovchi,
Charchab qolgan omadsiz ovchi.
Ahli elga iymon tilovchi,
qo‘lda aso
Tutib boryapman».
Olim TOSHBOEV,
filologiya fanlari nomzodi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist