Namanganda “Oliygoh kubogi – 2026” innovatsion tanloviga start berildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida yosh muhandislar va innovatorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tadbir – “Oliygoh kubogi – 2026” innovatsion muhandislik tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlov Namangan davlat texnika universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning umumiy mukofot jamg‘armasi 100 million so‘mni tashkil etadi.
Tadbir yoshlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish hamda muhandislik sohasida kreativ fikrlashni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu jihatdan mazkur tanlov bilim va salohiyat sinovi bilan birga, ilg‘or g‘oyalar maydoni sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Ochilish marosimida universitet rektori, professor Oybek Ergashev, viloyat IIB YHXB boshlig‘i, podpolkovnik Sharof Islomov hamda Innovatsion rivojlanish agentligining hududiy bo‘linmasi rahbari Nodirbek Jo‘rabayev ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yoshlarga omad tilab, bunday tanlovlar ularning bilim va iqtidorini namoyon etish, yangi g‘oyalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-28685]
Tanlov doirasida ishtirokchilar robototexnika, dron texnologiyalari, kiberxavfsizlik hamda sun’iy intellekt kabi zamonaviy yo‘nalishlarda o‘z loyihalarini taqdim etadi. Bu esa talabalarga nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish, yangi ishlanmalar yaratish va o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi.
Mutaxassislar fikricha, “Oliygoh kubogi – 2026” kabi tashabbuslar mamlakatda innovatsion ekotizimni rivojlantirish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va ularning global texnologik jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA