Mehnat munosabatlari tartibga solinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Mamlakatimizda chet el fuqarolariga viza berish va ularni ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilishi, turizm sohasini rivojlantirish uchun imtiyoz va preferensiyalar berilishi natijasida respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning soni ortib bormoqda, – dedi deputat Mohira Xo‘jayeva. – Biroq, ayrim chet el fuqarolari va doimiy ravishda boshqa davlatlar hududida yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘ziga berilgan imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanmasdan, respublikamizda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmagan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari kuzatilmoqda.
Qonun loyihasi bilan respublikamiz hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmagan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, tasdiqnomada belgilanmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlikni belgilashga qaratilgan hamda ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini Davlat mehnat inspeksiyasi, ichki ishlar organlari va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi bo‘yicha normalar kiritilmoqda, – dedi deputat.
Muhokamalarda qonun loyihasining ayrim normalari yuzasidan savollar ko‘tarildi va qonun tashabbuskorlarining fikrlari tinglandi. Qayd etilganidek, loyihadagi normalar mehnat munosabatlari sohasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olishga, fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
M.Komilova, O‘zA