Intellektual mulk himoyasi: qanday choralar ko‘rilmoqda? — Vazir axborot berdi
Mamlakatimizda intellektual mulkni himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda 3 ming 800 ta, joriy yilning birinchi yarmida 2 ming 200 ta intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy himoyasi ta’minlandi. Bu davrda 60 mingdan ortiq kontrafakt mahsulotlari aniqlanib, 15 mingdan ortig‘i sud qarorlari bilan yo‘q qilindi. Huquqbuzar yuridik shaxslarga nisbatan 2025-yilda 1,8 milliard so‘m, 2026-yilning o‘tgan davrida 1,1 milliard so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, intellektual mulk huquqini buzgan shaxslarga nisbatan 2025-yilda 168 ta, joriy yilda 269 ta ma’muriy materiallar qo‘lga kiritildi. Bu raqamlar intellektual mulk sohasida qonun ustuvorligi ta’minlanayotgani, huquqbuzarlikka murosasiz munosabat qaror topayotganidan darak beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulovning “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Eshituvda qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish hamda milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda parlament ham muhim o‘rin tutmoqda.
Xususan, o‘tgan to‘rt yilda 16 ta qonun qabul qilindi, ular asosida 25 dan ortiq qonunosti hujjatlari ishlab chiqildi. Milliy qonunchilik Jahon savdo tashkilotining TRIPS bitimi talablariga uyg‘unlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston intellektual mulk sohasidagi 19 ta xalqaro shartnomaga qo‘shildi. Bu boradagi islohotlar natijasida Global innovatsion indeksda O‘zbekistonning o‘rni 2020-yildagi 93-o‘rindan 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarildi.

Vazir qayd etganidek, tovar belgisi, sanoat mulki va mualliflik huquqi ob’ektlaridan qonunga xilof foydalanganlik uchun huquq egalari manfaatlarini himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari joriy etildi. Intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari takomillashtirildi, patentga oid huquqbuzarliklarda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Adliya organlariga kontrafakt mahsulotlarni aniqlash bo‘yicha nazorat xaridlarini mustaqil tashkil etish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda yashirin ishlab chiqarish holatlarini fosh etish vakolatlari berildi. O‘zbekiston Patent vakillari assotsiatsiyasi tashkil etildi hamda patent vakillarining sudlarda ishtirok etish huquqi mustahkamlandi.
2026-yil birinchi yarim yilligida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan patentlarga talabnomalar va berilgan patentlar soni 43 foizga, tovar belgilari, EHM dasturlari va ma’lumotlar bazalariga berilgan guvohnomalar 35 foizga o‘sdi.
Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi va tegishli javoblar qaytarildi. Xalq vakillari aholida intellektual mulkka hurmat munosabatini yanada kuchaytirish, kontrafakt mahsulotlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, huquq egalari manfaatlarini samarali himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlarni buzgan yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy javobgarlik mexanizmlarini joriy etish, ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha xususiy ayblov va yarashuv institutlarini amaliyotga tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, tovar belgilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish, intellektual mulk ob’ektlarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yishning huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, intellektual mulk huquqini muntazam buzuvchi shaxslarning davlat xaridlarida ishtirokini cheklash kabi yo‘nalishlarda qonunchilikni takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosida davlat xizmatlarini soddalashtirish, intellektual mulk sohasida idoralararo hujjatlar almashinuvini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhokamalardan so‘ng Qonunchilik palatasi tomonidan tegishli qaror qabul qilinib, Adliya vazirligi oldiga raqamli xizmatlarni kengaytirish, intellektual mulk ob’ektlarining iqtisodiy aylanmasini oshirish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish vazifalari qo‘yildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA