Turizm muhim iqtisodiy soha bo‘lib, har bir davlat va mintaqada sayyohlar sonini ko‘paytirish, ular uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshgan. 2025 yilning may oyida O‘zbekistonga 1,1 million nafarga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oydagi rekordni yangiladi - o‘shanda sayyohlar soni birinchi marta milliondan oshgan edi.
Shuningdek, yanvar-aprel oylarida turistik agentliklar, turoperatorlar, bron qilish va u bilan bog‘liq boshqa xizmatlar hajmi 1 trillion 125,8 milliard so‘mni tashkil etgan. 2030 yilga qadar esa sayyohlar sonini bir necha barobarga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari yanvar-aprel oylarida jami 2 116,9 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijiy davlatlarga safar qilgan.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanmoqda. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan. 20 ta turizm qishlog‘i faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Kelgusida turizm va servis infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yana bir qancha chora-tadbirlar belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA