Maxsus pedagog va psixologlar uchun seminar-trening o‘tkazildi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida ta’limda teng imkoniyatlar yaratish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun munosib sharoitlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan seminar-trening o‘tkazildi.
Arnasoy tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi tomonidan inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablarning maxsus pedagog va psixologlari uchun tashkil etilgan tadbirda ta’lim jarayonida har bir bolaga uning imkoniyat va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yondashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Inklyuziv ta’lim — bu alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni boshqa o‘quvchilar bilan bir qatorda o‘qitish, ular uchun zarur sharoit va teng imkoniyatlarni ta’minlash tamoyilidir. Bunday yondashuv ta’lim muassasasida nafaqat bilim berish, balki har bir bolaning jamoada o‘z o‘rnini topishi, o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun qulay muhit yaratishni ham nazarda tutadi.

Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2026-yil 1-apreldagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda salbiy stereotiplarning oldini olish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir jarayonida interaktiv metodlar, ya’ni ishtirokchilarni faol muloqot va amaliy harakatga jalb etadigan usullardan keng foydalanildi. Guruhli mashg‘ulotlar, vaziyatli topshiriqlar va amaliy keyslar — muayyan hayotiy holatlar asosida yechim izlashga qaratilgan mashqlar orqali inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.

Ayniqsa, ta’lim jarayonida alohida ehtiyojga muhtoj bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, maktab muhitida o‘zaro tushunish va hamjihatlikni kuchaytirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Zero, jamiyatdagi salbiy stereotiplar — muayyan inson yoki guruh haqida yetarli asosga ega bo‘lmagan, bir qolipda shakllangan noto‘g‘ri tasavvurlar — bolaning imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Shu bois ta’limda tenglik va bag‘rikenglik muhitini qaror toptirish nafaqat pedagogik, balki muhim ijtimoiy vazifa hamdir.

Mazkur seminar-trening ta’lim muassasalarida inklyuziv muhitni yanada rivojlantirish, bolalarga teng imkoniyatlar yaratish hamda jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri