“Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida barcha Oʻzbekiston onalariga qoʻyilgan haykal...
Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan ibratli gap bor.
Munosabat
Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan ibratli gap bor. Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik hukm suradi. Keksalarga ehtirom, eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish esa necha ming yillardan buyon yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Ularning har bir oʻgiti, hayot yoʻli barchamizni oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikda, ahil-inoq boʻlib yashashga undaydi. Zero, xonadonlarimiz farishtalari – keksalarimiz yaqin oʻtmishni bugun bilan bogʻlaydigan koʻprik boʻlib, yoshlarni buyuk neʼmat – tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishga undaydilar.
Davlatimiz tomonidan esa keksalarni eʼzozlash, ijtimoiy qoʻllab-quvatlashga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinmoqda.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yurtimiz poytaxtida bunyod etilgan Gʻalaba bogʻi, unda qad rostlagan “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari ham fikrimizning bir isbotidir. Gʻalaba bogʻida aholining tarix bilan hamnafas boʻlib, oʻtganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, mazmunli dam olish, ommaviy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Mazkur bogʻ Vatanga sadoqat, oʻz hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning oʻlmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi boʻlib qoladi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Gʻalaba bogʻining markazida “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida barcha Oʻzbekiston onalariga qoʻyilgan haykal boʻlib, ona Vatan ramzi boʻlib qad rostladi. Hech shubhasiz, ushbu yodgorlik butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun qutlugʻ ziyoratgohga, oila, sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat degan muqaddas tushunchalar timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga qadam qoʻygan har bir yigit-qiz millatimizning qonida, suyagida boʻlgan noyob maʼnaviy fazilatlarni asrab-avaylab, qadrlab yashash uchun mana shunday ulugʻ insonlardan tarbiya va ibrat oladi, deb ishonaman”.
Bugungi dorulomon kunlarda Navoiy viloyatida 26 nafar nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 661 nafar frontorti faxriylari hayot kechirmoqda.
Bu yil ham muhtaram Prezidentimiz farmoniga koʻra, 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga respublika davlat byudjetidan bir martalik pul mukofoti – 10 million soʻmdan pul mablagʻi va qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
– Minglab safdoshlarimiz olovli jangohlarda urush qurboni boʻldilar. Bu yil ham davlatimiz rahbari biz – keksalarni qadrlab, pul mukofoti va sovgʻalar yuboribdi. Ularni qabul qilib olib, xursand boʻldik. Yurtboshimiz bilan videokonferensiya orqali muloqotda boʻldik. Safdoshlarimiz bilan suhbatlashib, xotiralarimizni oʻrtoqlashdik. Hech kimga u kunlarni eslagulik qilmasin. U azoblarni biz koʻrdik, sizlar koʻrmanglar. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin. Hademay, yurtimizga tarqalgan virusni ham yengib oʻtamiz. Bizning xalq matonatli va sabrli xalq. Ular har narsani yengishga qodir, – deydi 105 yoshni qarshilagan karmanalik Pirnazar bobo Turdiyev.
Bugun keksalarimizga koʻrsatilayotgan hurmat va ehtirom, ularning salomatligini asrash va hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish kelajagimiz egalari boʻlmish farzandlarimizning ertangi kuni yana-da porloq boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Abduvali BOʻRIYEV, jurnalist