Xotira abadiy, qadr muqaddas
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga sayohat uyushtirdi.
Mazkur bog‘ Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida barpo etilgan.

Sayohatchilar “G‘alaba bog‘i” tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalari bilan tanishdi.
Majmua darvozasidan kirishingiz bilan o‘sha davrlarga tushib qolgandek bo‘lasiz. Atrofga nazar tashlasangiz, bir tomonda ikkinchi jahon urushi yillari tanklari, pushkalar, ikkinchi tomonda kichik fuqaro tashuvchi va qiruvchi samolyotlar eksponatlari. Majmua markaziga kirib borar ekansiz, atrofda urush harakatlarini aks ettiruvchi turli ekspozitsiyalar, qazilgan o‘ra (okop)lar, urush yillarida askarlarning kiyim-kechak va oziq-ovqat saqlanadigan vaqtinchalik uylari, o‘sha davrdagi Toshkent temir yo‘l vokzali binosi, Motam va g‘am-anduh hududi tomonda beshta zabardast o‘g‘illarining urushdan qaytishini intizorlik bilan kutayotgan Zulfiya aya Zokirova va kelinlarining haykallari joylashgan monument.
Institut jamoasi a’zolarida "G‘alaba bog‘i" katta taassurot qoldirdi.

Dilobar Mamatova, O‘zA