Markaziy Osiyoda yagona turistik makonni shakllantirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov “CAREC” dasturining Markaziy Osiyoda grantlar ajratish, transchegaraviy turizm va mintaqaviy integratsiya masalalari bo‘yicha mas’ul rahbari Zulfiya Karimova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi muhokama qilindi. Tomonlar uchinchi davlatlardan keluvchi sayyohlar uchun yagona viza tizimini joriy etish, qo‘shma turlarni tashkil qilish hamda chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistondagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida guruhli turistlar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro ko‘rgazmalarda yagona pavilon bilan ishtirokini ta’minlash hamda AQSH, Avstraliya va Lotin Amerikasi davlatlari bilan turizm sohasidagi aloqalarni kuchaytirish maqsadida aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, “CAREC” dasturi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Silk Road” turizm portali orqali O‘zbekistonning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish imkoniyatlari qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar chegara infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan Farg‘ona viloyati va Toshkent viloyatidagi nazorat-o‘tkazish punktlarini kengaytirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi. Shuningdek, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” tematik ofisi bilan hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar tayyorlash va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni tashkil etish hamda Madrid shahrida bo‘lib o‘tadigan FITUR xalqaro ko‘rgazmasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona turistik hudud sifatida ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA