Markaziy Osiyo yagona turistik brendga aylanadi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Turizm qo‘mitasida ikki mamlakatning yetakchi turoperatorlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yaratish va Markaziy Osiyoni yagona turistik makon sifatida dunyoga tanitish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda Qirg‘iziston Turistik tashkilotlar assotsiatsiyasi (KATO) ijrochi direktori Nurbek Saparov ishtirok etdi. Shuningdek, ikki davlatning yetakchi turoperatorlari, mehmonxona va transport sohasi vakillari o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Muloqotda O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlari hamda boy madaniy merosini Qirg‘izistonning betakror tog‘lari, ekologik turizm va tabiat maskanlari bilan uyg‘unlashtirgan qo‘shma turistik marshrutlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi. Bunday sayohat dasturlari xorijlik sayyohlar uchun yanada jozibador va raqobatbardosh turistik mahsulot yaratishi qayd etildi.
Tomonlar KATO bilan hamkorlik doirasida ikki mamlakat turizm sohasi mutaxassislari uchun infoturlar tashkil etish, «O‘zbekiston – Qirg‘iziston» qo‘shma turistik yo‘nalishlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda ularni raqamli platformalar va ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvning eng muhim tashabbuslaridan biri – O‘zbekiston va Qirg‘izistonning sayyohlik salohiyatini xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda «Markaziy Osiyo» yagona mintaqaviy brendi ostida taqdim etish bo‘ldi. Qo‘shma milliy stendlar, taqdimotlar va marketing tadbirlari orqali mintaqa boy tarixi, madaniy xilma-xilligi va tabiiy go‘zalliklarini yagona turistik yo‘nalish sifatida dunyoga namoyish etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, uchinchi davlatlardan sayyohlarni jalb qilish, Bishkekdan Samarqand va Urganch shaharlariga ochilishi rejalashtirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni faol targ‘ib qilish hamda ikki mamlakat turizm biznesi vakillari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi turistik almashinuvni kengaytiradi, balki Markaziy Osiyoni jahon turizm bozorida yagona, jozibador va raqobatbardosh yo‘nalish sifatida namoyon etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA