Qirg‘izistonlik blogerlar O‘zbekiston turizmini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga jalb etiladi
O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro auditoriyaga yanada kengroq tanitish maqsadida Turizm qo‘mitasi rahbariyati Qirg‘izistonning ommabop blogerlari va raqamli kontent yaratuvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda ijtimoiy tarmoqlarda millionlab kuzatuvchilarga ega bo‘lgan 8 nafar trevel-bloger ishtirok etib, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati hamda zamonaviy turizm infratuzilmasini keng targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma media-loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda sayyohlar orasida bir safar davomida bir nechta mamlakatni qamrab oluvchi marshrutlarga qiziqish ortib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoni yagona va jozibador turistik makon sifatida xalqaro bozorda birgalikda targ‘ib qilish muhim ekani ta’kidlandi.
Tomonlar hamkorlik doirasida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini yorituvchi qiziqarli videokontentlar, sayohat vloglari, qisqa videoroliklar hamda fotohikoyalar tayyorlash va ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ommalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, blogerlarga O‘zbekistonga tashrif buyurishda «e-mehmon» tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi, mamlakatga dron olib kirish va undan foydalanish qoidalari yuzasidan ham zarur ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida qirg‘izistonlik blogerlar uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Farg‘ona vodiysi bo‘ylab maxsus press-turlar tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning turistik brendini xalqaro raqamli maydonda yanada mustahkamlash, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish hamda Markaziy Osiyoning umumiy turistik jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA