Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Qozog‘istonda 4,5 magnitudali zilzila yuz berdi
Qozog‘iston Milliy yadro markazi Geofizika tadqiqotlari instituti Favqulodda vaziyatlar ma’lumotlari markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 10-iyul kuni Astana vaqti bilan soat 00:59 da Jambil viloyati hududida zilzila sodir bo‘ldi.
Axborot hamkorimiz – “Kazinform” yozishicha, zilzila epitsentri Taraz shahridan 65 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan.
Epitsentrning koordinatalari 42,50 daraja shimoliy kenglik va 70,88 daraja sharqiy uzunlikdir.
Ta’kidlanishicha, zilzila magnitudasi – mb=4,5, energiya klassi – K=10,4. Epitsentr 15 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Tojikiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirdi
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Tojikistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy ishlab chiqarish hajmi 28,8 milliard somonini tashkil etdi, deb yozmoqda “Xovar” davlat axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 milliard somoniga ko‘pdir. Mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Nurali Asozoda matbuot anjumanida qayd etishicha, umumiy ishlab chiqarish hajmining 18,3 milliard somoni o‘simlik, 10,5 milliard somoni esa chorvachilik mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘simlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 866,7 million somoniga, chorvachilik mahsulotlari esa 1 milliard 57,5 million somoniga oshgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy ishlab chiqarish tarkibida dehqon va jamoa xo‘jaliklarining ulushi 47,2 foizni, aholi tomorqa xo‘jaliklarining ulushi esa 52,8 foizni tashkil etadi.
Hududlar kesimida eng katta ulush Xatlon viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, u umumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishining 59,2 foizini tashkil etgan. Sug‘d viloyati ulushi 25,4 foizni, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatiniki 1 foizni, Dushanbe shahri hamda respublika bo‘ysunuvidagi shahar va tumanlar hissasi esa 14,4 foizni tashkil qildi.
Hisobot davrida qator asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sgan. Jumladan, kartoshka yetishtirish hajmi 286 ming tonnani tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sabzavot yetishtirish 1 million 281,5 ming tonnaga yetdi va 5,3 foizga ko‘paydi. Go‘sht ishlab chiqarish 135,6 ming tonnani tashkil etib, 14,4 foizga o‘sdi. Shundan parranda go‘shti 21,1 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 7,1 foizga yuqori.
Bishkek aholisidan SHHT sammiti vaqtida shaharni vaqtincha tark etish so‘raldi
Ma’lumki, Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida 30-avgustdan 1-sentabrga qadar Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti hamda VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov Bishkek aholisiga rasmiy murojaat qilib, imkoniyat bo‘lsa, ushbu kunlarni Issiqko‘lda yoki boshqa dam olish maskanlarida o‘tkazishni so‘radi.
Uning qayd etishicha, o‘lkaga ilk bor bir vaqtning o‘zida 21 davlat rahbari tashrif buyuradi. Ulardan ayrimlari rasmiy davlat tashriflarini amalga oshiradi. Uch kun davomida Bishkek shahrida yo‘llar muntazam ravishda yopilishi rejalashtirilgani sababli aholi ayrim noqulayliklarga duch kelishi mumkin.
– Maktab o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalari darslarni 15-sentabrdan boshlaydi, -dedi u. – Shuning uchun 1-sentabrga qadar Bishkekka shoshilish zarurati yo‘q. Qirg‘iziston fuqarolari 15-sentabrgacha bo‘lgan dam olish kunlarini oldindan rejalashtirishlari mumkin.
Ayni paytda mamlakatda SHHT sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari avjida. Rasmiylar ta’kidlashicha, yig‘in davomida davlat rahbarlari ishtirokida qator ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar, iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik, transport, raqamli taraqqiyot hamda mintaqaviy barqarorlikka bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan poytaxtning asosiy ko‘chalarida harakat vaqtincha cheklanadi, ayrim davlat muassasalari va tashkilotlar esa masofaviy ish tartibiga o‘tishi mumkin.
Ekspertlar fikricha, SHHT sammitining Bishkekda o‘tkazilishi Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini namoyish etish hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Sammit yakunlari bo‘yicha qator qo‘shma bayonotlar va hamkorlikka oid muhim hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Ashxobodda demografik statistika tizimini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi
Turkmaniston poytaxtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish va demografik statistika (CRVS) tizimini raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning ushbu o‘lkadagi vakolatxonasi tomonidan Turkmaniston davlat statistika qo‘mitasi bilan 2026-yilga mo‘ljallangan qo‘shma ish rejasi doirasida tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvning asosiy maqsadi CRVS tizimini rivojlantirish bo‘yicha mintaqada erishilgan yutuqlar va turli mamlakatlar tajribasini muhokama qilish, shuningdek, demografik hisob tizimiga raqamli yechimlarni joriy etish orqali ma’lumotlar almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish uchun idoralararo hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Muhokamalarda Turkmaniston davlat statistika qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vazirligi, Adolat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Aloqa vazirligi vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasining aholishunoslik va ma’lumotlar sohasi ekspertlari onlayn formatda yig‘ilishda qatnashdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar CRVS tizimini raqamlashtirishni rivojlantirishga oid vazifalarni tahlil qildi. Xususan, sog‘liqni saqlash, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FHDYO), statistika va ichki ishlar idoralari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini muvofiqlashtirishda vazirlik va idoralarning dastlabki vazifalari muhokama qilindi. Shuningdek, aholining yagona raqamli reyestrini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qo‘shma chora-tadbirlar kelishib olindi.
O‘tkir Alimov, O‘zA