Somali qirg‘oqlarida Turkiyaga tegishli yuk kemasi qaroqchilar tomonidan egallandi
Joriy hafta boshida Somalining Puntlend mintaqasi qirg‘oqlarida qaroqchilar Kamerun bayrog‘i ostida suzayotgan “M/V LUTUF” yuk kemasini egallab oldi va Nugal qirg‘oqlari tomon olib ketdi.
Ta’kidlanishicha, “Polar Movement Shipping” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan ushbu kema Eyl tumani yaqinida, qirg‘oqdan taxminan 3,5 dengiz mili uzoqligida qo‘lga olingan. Bortda Turkiyaning Mogadishodagi harbiy o‘quv markazi uchun mo‘ljallangan qurol-yarog‘lar, shuningdek, aloqa va sun’iy yo‘ldosh uskunalari bo‘lgan.
Kema ekipajida Hindistonning 6 nafar, Turkiya va Gruziyaning 1 nafardan fuqarosi hamda Serbiyadan 2 nafar xavfsizlik soqchisi bo‘lgan. Hujumni avval ham kemalarni egallab olishda gumon qilingan 8 nafar qaroqchi amalga oshirgan va kemani Dangoroyo tumanidagi Nugal qirg‘oqlari tomon yo‘naltirgan.
Keyinchalik hududga Turkiyaga tegishli yana ikkita kema yaqinlashgan, havoda esa Turkiya vertolyotlari va dronlari kuzatuv olib borgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA