Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doimo xalqaro jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda, mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Qirg‘iziston: Tashiyevning ishi sudga oshirildi

Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokuraturasi mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha ayblov xulosasini tasdiqladi.
Q.Tashiyevning advokati Ikramidin Aytqulovning so‘zlariga ko‘ra, ish Bishkekning Pervomayskiy tuman sudiga o‘tkazilgan. Ta’kidlanishicha, u hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga uringanlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10-fevral kuni Qamchibek Tashiyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari almashtirilganidan keyin raisning uch o‘rinbosari ham o‘z lavozimidan bo‘shatilgan edi.
Qozog‘istonda ko‘mir qazib olish hajmi ortmoqda

2025-yil oxiriga kelib Qozog‘istonda ko‘mir qazib olish 115 million tonnani tashkil etdi, bu 2024-yilga nisbatan 7 foizga ko‘p. Ichki iste’mol va kommunal ehtiyojlar 85 million tonna, eksport esa 30 million tonnani tashkil etdi.
O‘lkaning ko‘mir bo‘yicha asosiy eksport yo‘nalishlari Rossiya, Polsha, O‘zbekiston, Turkiya, Hindiston, Malayziya va boshqa mamlakatlardir.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda mamlakatda ko‘mir qazib olish 128,9 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Qozog‘iston ko‘mir zahiralari bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda turadi va jami zahiralar 33,6 milliard tonnani tashkil etadi.
Tojikiston Mudofaa sanoati qo‘mitasi faoliyatini qayta tikladi

Qariyb 24 yildan so‘ng Tojikiston hukumati huzuridagi Mudofaa sanoati qo‘mitasi qayta tashkil etildi. Tegishli farmonni o‘lka prezidenti Imomali Rahmon imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, qo‘mita markaziy apparatida xodimlarning maksimal soni texnik xodimlarni hisobga olmaganda 38 nafarni tashkil etadi. Harbiy xizmatchilar uchun sakkizta lavozim belgilangan.
Mamlakat Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat tashkilotiga qo‘mitani ma’muriy bino bilan ta’minlash, Moliya vazirligiga esa respublika byudjetidan mablag‘ ajratish vazifasi yuklatildi.
Ma’lumot o‘rnida: Tojikistonda Mudofaa sanoati qo‘mitasi 1997-yilda tashkil etilgan, ammo 2002-yilda tugatilib, uning vazifalari Sanoat vazirligiga o‘tgan.
XXR yetakchisi Turkmanistonga tashrif buyuradi

Xitoy rahbari Si Szinpin Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Ashxobodga tashrif buyurish taklifini qabul qildi, deb xabar bermoqda “TDH” axborot agentligi.
– Taklifingiz uchun minnatdorlik bildiraman va Turkmanistonga qulay vaqtda tashrif buyurishni intiqlik bilan kutaman, -deb yozgan Si Szinpin Turkmaniston prezidentiga yo‘llagan maktubida.
Shuningdek, u Xitoyning Turkmaniston bilan “hamkorlikning yangi davrini boshlash, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish”dan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
Go‘zal Sattorova, O‘zA