Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo mintaqasi strategik joylashuvi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari sababli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu bois mazkur hududlarda yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Toqayev Turkistonni Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari o‘tkaziladigan joy sifatida taklif qilmoqda
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish uchun muzokaralar zarurligini ta’kidlab, Turkiston shahrini tomonlar uchun muloqot maydoni sifatida taklif qildi.
Toqayev bu bayonotlarni Turkiston mintaqasiga tashrifi chog‘ida aytib, butun dunyo bo‘ylab ziddiyatlarning, jumladan, Eron, AQSH va Isroil o‘rtasidagi nizoning kuchayishi global barqarorlikka va to‘qnashuvlarda bevosita ishtirok etmagan mamlakatlar uchun savdo sharoitlariga putur yetkazayotganidan ogohlantirdi.
Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat juda muhim nuqtaga yetgan va Eron, AQSH yoki Isroil tomonidan vaziyatning yanada kuchayishi tomonlarning hech biriga foyda keltirmaydi.
Prezident Qozog‘iston mojaroda vositachilik qilishga intilmasligini, ammo muzokaralar uchun neytral joy sifatida o‘z hududini taklif qilishga tayyorligini aytdi.
Turkistonni tanlash uning geografik va ramziy ahamiyatiga asoslangan. Shahar Markaziy Osiyoning ma’naviy markazlaridan biri va muhim ziyoratgoh hisoblanadi. Bu yerda taniqli so‘fiy shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi joylashgan. Shaharning tarixiy merosi va diniy ahamiyati uni tinchlik muzokaralari uchun neytral va ramziy jihatdan muhim joyga aylantiradi.
Ostona ilgari Suriya bo‘yicha xalqaro muzokaralarga mezbonlik qilgan va qarama-qarshi kuchlar o‘rtasida muloqot o‘tkazish joyi sifatida obro‘ qozonishga intilgan. Ekspertlar fikricha, poytaxt o‘rniga Turkistonni muloqot joyi sifatida taklif qilinishi tashabbusning ham ramziy, ham siyosiy betarafligini ifodalaydi.
Xitoy Turkmaniston bilan iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlamoqchi
XXR Raisi Si Szinpin Turkmaniston bilan tabiiy gaz, savdo va investitsiyalar sohalarida hamkorlikni yanada kuchaytirmoqchi.
Si Szinpin bu bayonotlarni Xitoyga tashrif bilan kelgan Turkmaniston milliy yetakchisi va Xalq maslahati (Xalq kengashi) raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokaralar chog‘ida aytdi. U shuningdek, Luban ustaxonalari, an’anaviy xitoy tibbiyoti markazlari va madaniy almashinuvlar kabi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Tomonlar terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashishga, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xitoy-Markaziy Osiyo mexanizmi kabi ko‘p tomonlama platformalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.
Berdimuhamedov Xitoyga Turkmanistonning betaraflik maqomini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirib, Si Szinpinning global tashabbuslarini yuqori baholadi.
Tojikiston BMTning kiberjinoyatchilikka qarshi konvensiyasini imzoladi
Tojikiston BMT bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimda BMTning kiberjinoyatchilikka qarshi konvensiyasini imzoladi, deb xabar bermoqda “Xovar” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, hujjat Tojikiston nomidan mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Jonibek Hikmat tomonidan imzolangan.
Xabarga ko‘ra, bugungi kunga qadar 75 ta davlat ushbu shartnomani imzolagan.
Qirg‘iziston Xitoyga makkajo‘xori eksport qila boshladi
Qirg‘iz Respublikasi birinchi marta Xitoyga makkajo‘xori eksport qildi, deb xabar berdi o‘lkaning Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Og‘irligi 25 tonna bo‘lgan dastlabki partiya 16-mart kuni “Ziyabidin Ata” fermer xo‘jaligi tomonidan XXRga jo‘natildi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, makkajo‘xori jo‘natilishi Qirg‘iz Respublikasidan Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilinadigan makkajo‘xori uchun fitosanitariya talablari to‘g‘risidagi protokolni amalga oshirish orqali amalga oshirilgan. Bu protokol Qirg‘iz Respublikasi Suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona bosh boshqarmasi o‘rtasida 2022-yil 15-sentabrda imzolangan.
Bugungi kunga qadar ikkita mahalliy kompaniya Xitoyga makkajo‘xori eksport qilish uchun ruxsat olgan.
Go‘zal Sattorova, O‘zA