Markaziy Osiyo jurnalistlari Bryusselda bilim va tajriba almashmoqda
Bugungi kunda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistlar salohiyatini oshirish global axborot makonida muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, joriy yilning 9-11-iyun kunlari Yevropa Ittifoqi tomonidan maxsus dastur doirasida tashkil etilgan tadbir Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlariga tajriba almashish va bilimlarini mustahkamlash imkoniyatini yaratdi.
Markaziy Osiyoning 5 mamlakatidan kelgan 15 nafar jurnalist Bryusselda bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va uning institutlariga bag‘ishlangan dasturida ishtirok etmoqda. Dastur davomida ular YeI institutlari faoliyati, qaror qabul qilish jarayonlari hamda fuqarolar va xalqaro hamkorlar bilan muloqot mexanizmlari bilan yaqindan tanishmoqda.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati rahbari Malika Musayevaning ta’kidlashicha, ushbu tashabbus jurnalistlar uchun institutlar faoliyatini bevosita kuzatish va xalqaro jarayonlarni chuqurroq anglash imkonini yaratadi.

– Eng muhimi, biz uchun jurnalistlar faqat nazariy ma’lumot olib qolmasdan, Yevropa Ittifoqi institutlari ishini joyida kuzatishi va muloqot jarayonlarini amalda his qilishidir. Shu asosda ular qaror qabul qilish mexanizmi, rasmiy kommunikatsiya usullari va hamkorlik jarayonlarini yaxshiroq anglaydi. Bu esa ularning professional yondashuvini kuchaytirib, kelgusida tayyorlanadigan materiallarni yanada tahliliy va ishonchli bo‘lishiga xizmat qiladi, – dedi Malika Musayeva.
Shuningdek, bugun ishtirokchilar Yevropa Komissiyasining brifingida qatnashib, mazkur tashkilotning ommaviy axborot vositalari bilan kundalik muloqot jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu jarayonda ular Yevropa institutsional tizimida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari qanday amalga oshirilishini amalda ko‘rdi.
Ahamiyatlisi, Bryusselda o‘tayotgan ushbu tadbir ishtirokchilar uchun xalqaro tajriba almashish, yangi bilim olish va kasbiy ko‘nikmalarni oshirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA