Bryussel Markaziy Osiyoga e’tibor qaratmoqda: Hamkorlikning yangi istiqbollari
Bryusselda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston diplomatlarining Belgiya hukumati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, “O‘rta yo‘lak”ni rivojlantirish va strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish istiqboli muhokama qilindi.
Bryusselda akkreditatsiyadan o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining Belgiya Bosh vaziri o‘rinbosari va Tashqi ishlar, Yevropa ishlari va rivojlanish hamkorligi vaziri Maksim Prevost bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy munosabatni chuqurlashtirish, transport va logistika yo‘nalishini rivojlantirish va energiya xavfsizligini mustahkamlash istiqbollari asosiy mavzular bo‘ldi.
Belgiyalik vazir Bryusselning iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga va an’anaviy tovar sektoridan tashqariga chiqishga tayyorligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa tomoni texnologiya transferi, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi qo‘shma loyihalarga juda qiziqish bildirmoqda.

Mintaqaviy uchrashuv va ikki tomonlama muzokarada “O‘rta yo‘lak” nomi bilan tanilgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, Belgiya yo‘lakning rivojlanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda barqaror, tezkor va mustaqil ta’minot zanjirlarini yaratish uchun Yevropa logistika imkoniyatini u bilan birlashtirishdan manfaatdor.
Muhokamalar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, Transkaspiy transport yo‘lagi orqali transport aloqalarini rivojlantirish, energetika, iqlim va muhim xom ashyo masalalariga qaratildi.
– Hamkorlarimiz bilan birgalikda biz yanada xavfsiz, barqaror va yaxshiroq bog‘langan kelajak uchun aniq hamkorlikni ilgari surmoqdamiz, – deb xulosa qildi vazir.
Xulosa qilib aytganda, tomonlar murakkab geosiyosiy qiyinchilik sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari va Belgiya xalqaro huquq va BMT Nizomiga qat’iy sodiqlikni namoyish etayotganini ta’kidladilar.
G.Sattorova, O‘zA