Markaziy Osiyo davlatlari suv muammosini hamkorlikda hal etadi
Markaziy Osiyo sharoitida suv tanqisligi muammosini yechsa bo‘ladimi? Mintaqa tog‘li hududlarda joylashgan muzliklardan qanday foydalana oladi? Tabiiyki, bu savollar so‘nggi yillarda butun mintaqamiz, jumladan o‘zbekistonliklarni ham chuqur o‘ylantirmoqda. Dushanbe shahrida joriy yil 25-28-may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Barqaror rivojlanish uchun suv” yuqori darajadagi 4-xalqaro konferensiyasi tashkilotchilarining maqsadi ham aynan yuqoridagi savollarga javob topish.
Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasida diplomatik korpus vakillari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan brifingda mazkur masalaga alohida e’tibor qaratildi.
– Anjumandan ko‘zlangan maqsad – suv resurslaridan oqilona foydalanish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish kabi dolzarb masalalarni ko‘plab davlatlardan keladigan yetakchi mutaxassislar, xalqaro moliyaviy institutlar ekspertlari, suv diplomatiyasi vakillari, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirokida muhokama qilish, – deydi mazkur qardosh mamlakatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nasriddin Ismatullo. – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2018-2028-yillar uchun e’lon qilingan Xalqaro o‘n yillik harakatlar doirasida o‘tkaziladigan “Barqaror rivojlanish uchun suv” konferensiyasida To‘rtinchi yakuniy deklaratsiya ham qabul qilinadi.
Diplomatning fikriga ko‘ra, mintaqamizdagi suv muammolarini birgalikda, barcha tomonlar manfaatini inobatga olgan holda amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar orqali bartaraf etsa bo‘ladi.
Anjuman davomida Tojikistonning suv resurslarini boshqarish tajribasini o‘rganish, ayni yo‘nalishda joylarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish ham rejalashtirilgan.
Sh. Salimov, O‘zA