Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning may oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, aprel (10,7 foiz) oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Bunda oziq-ovqat tovarlari guruhida narxlar o‘sishining aprel oyidagi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha tezlashishi inflyatsiyani oshiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi.
Mazkur guruhdagi tovarlar narxlari o‘zgarishiga, bir tomondan, jahon bozorida o‘simlik yog‘i, shakar va go‘sht mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qish-bahor mavsumida kuzatilgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlarida meva va sabzavotlar hosilining kechikishi hamda avvalgi yillarga nisbatan kam bo‘lishi kutilayotganligi ta’sir ko‘rsatdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o‘sishi umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatib, joriy yil may oyida mos ravishda 8,2 va 8,5 foizni tashkil etdi.
Mavsumiy omillar ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyatsiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etdi va umumiy inflyatsiya sur’atlari bilan tenglashdi.
Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichlari mart-aprel oylarida ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining keskin o‘sishi natijasida aprelda o‘suvchi trendni namoyon etgan edi.
May oyida esa aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalarida aprel oyiga nisbatan pasayish kuzatilib, mos ravishda 16,4 va 16,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Yil oxirigacha inflyatsion kutilmalarning pasayishi, birinchi navbatda, asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashishi hamda iqtisodiyotda yalpi iste’mol va taklifning o‘zaro muvozanatlashuvi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 foiz o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 19,8 foiz oshdi. Umuman olganda, ushbu tarmoqlardagi o‘sish sur’atlarining birinchi chorak yakunlaridagi o‘sish sur’atlariga nisbatan jadallashishi kuzatildi.
Iqtisodiyotda aholining iste’mol faolligi oshib borishi bilan savdo va pullik xizmatlar hajmi ham ortib bormoqda. Yanvar-may oylarida tijorat banklari kassalariga savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi 19,6 trillion so‘mni tashkil etib, 2019-2020 yillardagi (mos ravishda 11 va 6,1 trillion so‘m) ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi.
Yil oxirigacha iqtisodiy o‘sish va investitsion faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil fiskal rag‘batlantirish bo‘lishi kutilmoqda. Bunda umumiy fiskal defitsitning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan yuqoriroq prognoz qilinayotganligi, ijtimoiy nafaqa, pensiya va ish haqining oshirilishi iqtisodiyotda iste’mol talabi sezilarli o‘sishiga olib keladi.
Joriy yilning dastlabki besh oyida tashqi iqtisodiy sharoitlar iqtisodiyotimiz uchun mo‘’tadil shakllandi.
Asosiy savdo-hamkor davlatlar (Turkiyani hisobga olmaganda) milliy valyutalari almashuv kurslarida yil boshidan boshlab keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining aprel oyida yangilangan prognozlariga ko‘ra, asosiy savdo hamkorlar – Rossiya, Xitoy va Qozog‘istonda YAIM o‘sish sur’atlari avvalgi prognozlarga nisbatan ijobiy tomonga o‘zgartirilgan.
Jahon xom ashyo bozorlarida oltin narxi fevral-mart oylarida pasayuvchi dinamikaga ega bo‘lgan bo‘lsa, aprel-may oylarida yana tiklanib, iyun oyida yil boshidagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashdi. Mis narxi esa yil boshidan boshlab ma’lum bir tebranuvchanlik bilan o‘suvchi tendensiyani namoyish etmoqda.
Joriy yilning yanvar-may oylarida eksportdan tushumlar hajmi (oltin va gazni hisobga olmaganda) 3,9 milliard dollarni tashkil etib, 2020 yil mos davridagi ko‘rsatkichdan (2,5 milliard dollar) 1,5 barobarga, 2019 yildagi ko‘rsatkichdan (2,8 milliard dollar) 39 foiz yuqori bo‘ldi.
Mamlakatimizga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5 oyda 2,6 milliard dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga (1,8 milliard dollar) nisbatan 43 foiz, 2019 yilning mos davriga (2 milliard dollar) nisbatan 30 foiz o‘sdi hamda aholining iste’mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Iqtisodiyotning tiklanib borishi bilan kreditlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Joriy yilning dastlabki 5 oyida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 64,2 trilion so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,8 foiz, 2019 yilning mos davriga nisbatan 8,2 foiz ko‘p bo‘ldi.
2021 yilning 5 oyi davomida iqtisodiy faollikning jonlanishi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy holatining pandemiyagacha bo‘lgan davr darajasiga yetib borayotganligi sharoitida kreditlarning qaytuvchanlik darajasi o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan (56 foiz) sezilarli darajada (70 foizgacha) oshdi.
May oyida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar 19,4 foizni, yuridik shaxslarniki bo‘yicha esa 15,8 foizni tashkil etdi.
Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarning joriy inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasidan yuqori shakllanayotganligi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror tendensiyasi sharoitlarida milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining sezilarli oshishi kuzatildi.
Xususan, yanvar-may oylarida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar 19,6 foiz oshgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari 27,4 foiz oshdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA