Margarita Husanova Shveysariyadagi nufuzli turnirda finalga chiqdi
Shveysariyaning Montryo shahrida o‘tkazilgan “Tennis Europe Junior Tour U14” xalqaro turnirida ishtirok etgan o‘zbekistonlik yosh tennischi Margarita Husanova muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalga qadar yetib bordi.
Xususan, Margarita Husanova musobaqa davomida bir qator kuchli raqibalarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda u mezbonlar vakili Matilde Potssaga qarshi kortga chiqdi. Murosasiz kechgan final uchrashuvida hamyurtimiz birinchi setni 3:6 hisobida boy bergan bo‘lsa-da, ikkinchi setda 6:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Biroq tay-breykkacha yetib borgan hal qiluvchi uchinchi setda 6:7 (2) hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shunday qilib, Margarita Husanova 14 yoshgacha bo‘lgan tennischilar o‘rtasidagi “Tennis Europe Junior Tour” turnirining vitse-chempioniga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA