Nodirbek Abdusattorov Shvetsiya turnirida qatnashmoqda
Bugun, 5-may kuni Shvetsiyaning Malmyo shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “TePe Sigeman & Co Chess Tournament 2026” xalqaro turnirining 5-tur bahslarida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda shvetsiyalik Nils Grandelius bilan kuch sinashadi.
Ortda qolgan 4-tur uchrashuvida N.Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Arjun Erigaisi bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, qolgan 3 ta juftlikdagi qarama-qarshiliklarda turkiyalik Yagiz Kaan Erdog‘mush shvetsiyalik Nils Grandeliusni, niderlandiyalik Jorden van Forest FIDE reytingi yetakchisi norvegiyalik Magnus Karlsenni, xitoylik Chju Sziner AQSH vakili Endi Vudvordni mag‘lubiyatga uchratdi.
5-tur o‘yinlari ostonasida 14 yoshli Yagiz Kaan Erdog‘mush 3 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Nodirbek 2,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 2-o‘rinda bormoqda.
7 ta turdan iborat bo‘lgan xalqaro turnir 7-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA