Mandatga oz qoldi, abiturientlar hayajonda
Yurtimizda ayni vaqtda abiturientlarning hayajoni cheksiz.
Yurtimizda ayni vaqtda abiturientlarning hayajoni cheksiz. Ular bor bilim va mahoratini ishga solib, test sinovlarida ishtirok etishdi. Endi esa natijalar chiqish arafasida. Ammo yuqori ball to‘plab, o‘qishga kirgani va talaba bo‘lganini bilib tayyorgarlikni boshlab yuborgan yoshlar ham bor. Zamonaviy axborot texnologiyalarining rivoji odamlarning mushkulini ancha oson qildi. Birgina test sinovlari natijalarini internet orqali qiynalmasdan bilib oldik. Bu juda qulay va ortiqcha ovoragarchiliksiz ekani kishini quvontiradi.
Atigi ikki yil oldin abiturientlar bir kunda test topshirardi va belgilangan muddatda mandat e’lon qilinardi. Barcha oliy ta’lim muassasalarida hujjat qabul qilish va natijani e’lon qilish jarayonida shovqin-suronli jarayonlarning guvohi bo‘lardik. Mandat e’lon qilingach, kimdir o‘zini ro‘yxatning boshidan qidirsa, yana kimdir esa aksincha...
Bugun hayot shu qadar jadallashdiki, sohada islohotlar boshlandi. Bu ota-onalar uchun ham, abiturientlar uchun ham qulaylik yaratdi. Bugun talaba bo‘lganini bilgan yoshlar tayyorgarlikni boshlab yuborgan bo‘lsa, qolganlar ham qo‘shma dasturlar asosida ochilgan boshqa oliy ta’lim muassasalariga, xorijiy ta’lim maskanlarida o‘qish uchun harakatni boshlab yuborgan.
Bu yil test sinovlarida ishtirok etgan abiturientlar bilan suhbatlashdik.
– Bu yil kollejni tugatib uchta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgandim, – deydi Muhammadkarim Usmonov. – Hozircha kirgan yoki kirmaganimni bilmayman. Ammo internetda tarqalgan ballarni hisobga olsak, past ball to‘plagandekman. Chunki bugun axborot-kommunikatsiyasi texnologiyalari rivojlangan. Test jarayonlari, abiturientlarning to‘plagan ballarini ham ko‘rib turibman. Lekin hali ishonchim va umidimni uzganim yo‘q. Testga kirish, savollarga javob berish u qadar qiyin bo‘lmadi. Navbatlar faqat hujjat topshirayotgan vaqtimizda bo‘ldi. Boshqa jarayonlar ko‘ngildagidek o‘tdi. Hayajondaman. Natijalar tezroq chiqishini kutayapman.
– Pedagogika va psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha uchta oliy ta’lim muassasasiga topshirgandim, – deydi qashqadaryolik Umida Ahmedova. – Qashqadaryo viloyatidan bo‘lganim uchun o‘sha yerdan turib ham topshirsam va imtihonda qatnashsam bo‘lardi. Lekin o‘sha paytda Toshkentda bo‘lganim bois shu yerdan hujjat topshirdim va test sinovlarida qatnashdim. Natijalar imtihonning ertasi kuni e’lon qilingani bois, ayni vaqtda 110,4 ball to‘plaganimni bilaman. Lekin kuchli, bilimli yigit-qizlar borligi ularning to‘playotgan ballaridan ma’lum. Aynan shunday tizim joriy qilinganidan xursandman.
– O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining islomshunoslik fakultetiga hujjat topshirdim, – deydi Mohir Yodgorov. – Mandat yaqin, hamma hayajonda, lekin men o‘qishga kirganimni bilaman. Bu yo‘nalishda uchta oliy ta’limni tanlash mumkin emas edi. Bu yo‘nalishlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun shunday hisoblangan. Shu bois ham ballar chiqqanidan so‘ng shu yo‘nalishda o‘qishga kirganim va kelajakda talaba bo‘lishim aniq bo‘ldi.
– Bu yil birinchi marta test sinovlarida ishtirok etishim, – deydi farg‘onalik Dildora Mahmudova. – Uchta oliy ta’lim muassasasining birinchi, asosiysi sifatida O‘zbekiston jahon tillari universitetining xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishini tanlagandim. Ingliz tilidan imtiyozim ham bor edi. Birdaniga uchta oliy ta’lim muassasasini tanlash imkoniyati berilganidan xursandman. Lekin agar hozir asosiy tanlovimdagi oliygohga kontraktga kirgan bo‘lsamu, boshqalariga grant asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsam, men ularni tanlay olmas ekanman. DTM saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra 170,5 ball to‘plaganman. Lekin asosiy mandatni kutayotganim va hayajonda ekanim ham bor gap.
Tizimdagi islohotlar bugun hammaga ma’qul bo‘layotganini bildirilayotgan fikrlardan ham anglash mumkin. Faqat natijalarni kutib, mandat chiqishidan umidvor bo‘lib turgan yoshlar ham talaygina. Bu jarayon ham uzoqqa cho‘zilmasa kerak. DTM aytgan muddat yaqin qoldi.