"Ma’naviyat soati"da sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilindi
Ijtimoiy himoya milliy agentligida o‘tkazilgan "Ma’naviyat soati"da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhim yo‘nalishlar haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Uchrashuvda Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Olimov Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berish asnosida kundalik hayotda sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish hamda ish jarayonida charchoqni kamaytirish bo‘yicha foydali tavsiyalarni aytib o‘tdi.

Ayniqsa, kun davomida ish joyida bajarish mumkin bo‘lgan oddiy, ammo, samarali jismoniy mashqlar amaliy tarzda ko‘rsatilib berilgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur "Ma’naviyat soati" xodimlarga sog‘lom hayot tarziga e’tibor qaratish, o‘z ustida ishlashga undovchi muhim ruhiy quvvat bag‘ishladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA