O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS va PISA xalqaro tadqiqotlari oldidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari mazkur jarayonlarga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Joriy yilda o‘tkaziladigan PIRLS xalqaro baholash dasturida 60 dan ortiq davlat qatorida ilk marotaba mamlakatimiz o‘quvchilari ham qatnashadi. PIRLS va PISA tadqiqotlarida ishtirok etuvchi maktablar va o‘quvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlandi. Bunda maktablardagi ta’lim tili, shahar yoki qishloqda joylashganligi va o‘quvchilar soni kabi mezonlar ham inobatga olindi.
PIRLS tadqiqotlari Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lib, 4-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini xalqaro darajada baholashga qaratilgan.
Joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan PIRLS tadqiqotlarida respublikamizdagi 180 ta maktabda tahsil oluvchi 5 948 nafar 4-sinf o‘quvchilari hamda ularning ota- onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayonida 83 ta maktab va ulardagi 4800 dan ortiq 15 yoshli o‘quvchining qatnashishi belgilangan.
PIRLS asosiy tadqiqoti qog‘oz shaklida o‘tkaziladi va unda 4-sinf o‘quvchilari matnni o‘qib tushunish darajalarini baholovchi test topshiriqlarini bajaradi hamda ta’limga qiziqishi, uy va maktab sharoitlari to‘g‘risidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi o‘quvchi so‘rovnomasini to‘ldiradi.
PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayoni esa kompyuterda elektron tarzda o‘tkaziladi va unda o‘quvchilar matematik, tabiiy-ilmiy, o‘qish savodxonligi va kreativ fikrlashlarini baholovchi test topshiriqlari bajaradilar.
Belgilangan tadqiqotlar uchun maktablar va ularda ta’lim oluvchi o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida Milliy markazga taqdim etish hamda tegishli maktablarda tadqiqot jarayonlariga sifatli tayyorgarlik ko‘rilishini ta’minlashda mas’ul sifatida har bir maktabdan koordinatorlar belgilanib, tadqiqotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish maqsadida ular bilan doimiy ravishda hamkorlik amalga oshirilib kelinmoqda.
– Ushbu hamkorlik aloqalari va tadqiqot jarayonlarini tizimli tartibga olish maqsadida xalqaro talablarni inobatga olib, tadqiqot doirasida foydalaniladigan qo‘llanmalar, ya’ni test administratori qo‘llanmasi, maktab koordinatori qo‘llanmasi, test o‘tkazish ssenariysi, yo‘riqnoma va turli bayonnoma va qaydnomalarning namunaviy shakllari ishlab chiqildi, – deydi Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori Abduvali Ismoilov.
Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 4 nomdagi metodik qo‘llanmalar 40 000 nusxada chop etilib, har bir maktab kutubxonasiga yetkazilgan. Shuningdek, PISA va PIRLS dasturlari bo‘yicha 2000-2015 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar doirasida berilgan savollar namunalari, ularning yechimlari va baholash mezonlaridan iborat axborotnomaning 1 va 2 sonlari tayyorlanib, 450 nusxadan chop etildi hamda ta’limni boshqaruv organlari va barcha tayanch maktablarga yetkazib berildi.
Umuman, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun 21 nomdagi o‘quv-uslubiy qo‘llanma va topshiriqlar to‘plamlari, 130 ga yaqin videodarslar tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA