Ekspert taklifi
Xalqaro tadqiqotchilar fikricha samarali ta’lim, mustahkam sog‘liq va sifatli ovqatlanish inson kapitalini shakllantirishning asosi hisoblanadi. Maktab yoshidagi bolalar nafaqat ta’lim, balki sog‘liqni saqlash sohasida ham alohida e’tiborni talab etadi. Aynan maktabdagi o‘qish davrida bolalarda jismoniy, ruhiy va kognitiv o‘zgarishlar kuzatiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (BMT JOOD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda maktablarda ovqatlantirish dasturlariga kiritilgan sarmoyalar 48 milliard AQSH dollarini, bepul yoki imtiyozli ovqatlanish qamrovi esa 41 foizni tashkil etdi. Daromad darajasi past bo‘lgan mamlakatlarda taxminan 18 foizmaktab o‘quvchilari qamrab olingan. Daromadi o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 39 foiz, o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlarda esa 48 foizga yetdi[1].
Dunyoda maktablarda ovqatlanish bilan qamrab olingan bolalar soni
Manba: BMT JOOD“2022 yilda maktablarda ovqatlanish holati” hisoboti.
BMT JOOD missiyasi barcha bolalarning maktablarda ovqatlanishiga ega bo‘lish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilinishini ta’minlash, shuningdek, bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun jahon mamlakatlari hukumatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. BMT JOOD siyosiy va texnik ko‘makni taqdim etadi, hukumatlarga o‘z maktablarida ovqatlantirish dasturlarini yaratish yoki barqarorligini mustahkamlashga yordam berish uchun mazkur yo‘nalishdagi nou-xau bilan bo‘lishadi. BMT JOOD texnik va siyosiy ko‘magi dunyoning 77 mamlakatidagi 107 million maktab o‘quvchisining hayot sifati, ta’lim olish imkoniyati va ovqatlanish holatiga bilvosita ta’sir ko‘rsatdi.
Maktablarda ovqatlanishni tashkil etish samaradorligi bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar
Maktablarda ovqatlantirish dasturi ijtimoiy himoyaning keng qamrovli tarmog‘i hisoblanib bolalar va ularning oilalari hayotini o‘zgartirish imkoniyatini taqdim etadi. Shu bilan birga, bolalar xavfsizligiga muhim hissa qo‘shadi va ta’lim olishi uchun qulay muhit yaratadi.
Maktablarda tashkil etilgan bepul ovqatlanish ota-onalarni tushlik uchun ketadigan xarajatlarni rejalashtirishdan ozod etib, ijtimoiy zaif oilalarning daromadlarini taxminan 10 foiz tejash imkonini beradi.
Bundan tashqari, salomatlikni saqlash va ovqatlanish bo‘yicha maktab dasturlari davomatni oshirish va maktabdan ketish (o‘quvchilarning o‘quv yili tugashiga qadar ketishi) ko‘rsatkichlarini kamaytirishga yordam berishi haqidagi inkor qilib bo‘lmas dalillar mavjud. Demak, o‘qish natijalarini yaxshilash uchun ham imkoniyat bor.
BMT JOOD hisob-kitoblariga ko‘ra, maktab ovqati uchun sarflangan har bir dollar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘qqiz dollar miqdoridagi dividend ko‘rinishida qaytadi.
O‘zbekiston maktablarida bepul ovqatlantirishni tashkil etishning joriy holati va muammolar
O‘zbekistonda 2022/2023 o‘quv yilidan maktablarda bepul ovqatlanishni tashkil etish masalalariga e’tibor qaratila boshladi. “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ga muvofiq, mazkur amaliyot Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida sinovdan o‘tkazildi. Bu maqsadlar uchun har bir hudud uchun davlat byudjetidan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi[2].
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi 472-sonli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini keytering usulida tashkil etish to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
O‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan huquqbuzarlik holatlarini o‘rganish va tahlil qilish maktablarda bepul ovqatlanishni tashkil etishda qator muammo va kamchiliklar mavjudligini, tegishli nazoratning yetishmasligini ko‘rsatdi. Xususan,
- Maktablarga yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifati va miqdori nazorat qilinmasligi. Ayrim hollarda mahsulotlar sifat va xavfsizlik me’yorlariga javob bermaydi, bu esa bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi 1,8,19 va 55-maktablarda o‘quvchilarga iste’molga yaroqsiz holatdagi olma, shuningdek, zararkunandalar bilan zaharlangan qadoqlangan mahsulotlarni qayta-qayta berish holatlari aniqlangan;
- Keytering kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus komissiya ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmi ishlab chiqilmagan;
- O‘quvchilarning sifatli va to‘yimli ovqatlanishini ta’minlash uchun davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘ yetarli emas. Bir o‘quvchi uchun ajratilayotgan 5,6 ming so‘m miqdoridagi moliyaviy mablag‘lar SanPiN 0017-21 (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021 yilda 32-son bilan ro‘yxatga olingan) bilan tasdiqlangan ovqatlanish va kaloriya me’yorlariga rioya qilishni ta’minlashga imkon bermayapti. Bu esa tenderni o‘tkazish va keytering kompaniyalarini tanlab olishda korrupsiya holatlari paydo bo‘lishini rag‘batlantirmoqda;
- Qonunchilikda maktablarda bepul ovqatlantirish dasturlarini moliyalashtirish uchun xalqaro va mahalliy donorlar mablag‘larini jalb qilish imkoniyati ko‘zda tutilmagan. Ta’kidlash zarurki, BMT Jahon oziq-ovqat dasturining asosiy vazifalaridan biri har qanday daromad darajasidagi mamlakatlarga tajriba almashish, moliyalashtirishga ega bo‘lish va yondashuvlarni takomillashtirishda yordam berish hisoblanadi. Birgina 2021 yilda BMT JOOD dunyoning 57 mamlakatidagi (quyida jadval keltiriladi) 15,5 million maktab o‘quvchisi ovqat bilan ta’minlanishiga ko‘maklashdi.
2021 yilda dunyo mamlakatlarida maktablarda ovqatlanish dasturlari bo‘yicha BMT JOOD yordamining ko‘rinishi
O‘zbekistonda bepul maktab ovqatini tashkil etish muammolarini hal etish bo‘yicha tavsiyalar
Yuqorida sanab o‘tilgan muammo va kamchiliklar maktablarda bepul ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar samaradorligi, bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan sinovdan o‘tgan, bu maqsadlar uchun byudjetdan 2,7 trillion so‘m ajratilgan holda 2023 yil sentyabr oyidan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etish rejalashtirilgan amaliyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mavjud muammolarni hal etish va bepul maktab ovqatini tashkil etish sifatini oshirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etilmoqda:
Birinchidan, maktablarda bepul ovqatlantirish dasturlarini moliyalashtirish uchun xalqaro va mahalliy donorlar mablag‘larini jalb etish imkoniyatini nazarda tutuvchi umumta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni takomillashtirish. Shuningdek, moliyaviy va texnik vositalarni jalb qilish, mazkur jarayonga umume’tirof etilgan innovatsiya usullarini (nou-xau) joriy etish uchun BMT JOOD bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, cheklangan byudjet mablag‘larida milliy amaliyotga kiritish mumkin bo‘lgan manzilli bepul maktab ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha xorijiy tajribani puxta o‘zlashtirish. Masalan, Fransiya Prezidenti Makron o‘zining Kambag‘allikni qisqartirish rejasiga 1 yevro bahosidagi maktab tushliklari bilan yordam berishni kiritdi, COVID-19 davrida esa ijtimoiy himoya tizimi universitet talabalari uchun amal qildi. AQSHda 2022 yil sentyabr oyida Prezident Bayden ochlik, ovqatlanish va salomatlik masalalariga bag‘ishlangan Milliy strategiyani yangiladi, u AQSH bolalari uchun bepul maktab ovqatlanishni ommalashtirishni o‘z ichiga olgan.
Uchinchidan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh guruhlari bo‘yicha alohida bepul maktab ovqatlanishini tashkil etish uchun mavsumiy menyu va ovqatlanish me’yorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda tenderlarni o‘tkazish va keytering kompaniyalarini tanlab olishda mazkur normativlarga qat’iy amal qilish.
To‘rtinchidan, eng yaxshi takliflarni aniqlash uchun tenderlarni tashkil etish va o‘tkazishda, shuningdek, keytering kompaniyalarini tanlab olishda xalqaro tavsiyalarga, xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) kelgusida davlat xaridlari bo‘yicha va korrupsiyaning oldini olishning samarali chorasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin tavsiyalariga qat’iy rioya qilish.
Beshinchidan, jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari bo‘yicha keytering kompaniyalari tomonidan yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari sifati va miqdorini, shuningdek, ularning sog‘lom ovqatlanish qoidalari va talablariga muvofiqligini muntazam monitoring qilishning samarali usul va mexanizmlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Oltinchidan, ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, buklama reklamalar kabi vositalardan foydalangan holda bepul maktab ovqatlanish dasturi haqidagi ma’lumotni tarqatish uchun axborot kampaniyasini kengaytirish.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, maktablarda ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini mustahkamlash g‘oyasini ilgari suruvchi kompleks ta’lim tizimining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mustahkam sog‘liq va muqobil ovqatlanish
bu nafaqat kasallik va to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq muammolar oldini olish, balki yaxshi kayfiyat, shuningdek, kundalik vazifalarni faol ravishda uddalash imkoniyati hamdir.
Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti
O‘zA