Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Buxoro viloyatida ham davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Buxoro shahridagi 19-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi misolida tashkil etilgan tadbir davomida davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlari xususida atroflicha ma’lumot berildi.
– Bugungi kunda viloyatdagi mavjud 500 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining 20 tasida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan autsorsing usulida ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan 480 tasida an’anaviy (ta’minotchilar tomonidan oziq-ovqat yetkazish orqali) usulda ovqatlantirish amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murodillo Farmonov. –Autsorsing – bu muayyan xizmat turlarini davlat muassasasi emas, balki mutasaddi xususiy tashkilotlar orqali tashkil etish tizimi. Unga muvofiq, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni ovqatlantirish davlat tomonidan emas, balki tender asosida tanlab olingan maxsus korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda dastlab tanlov e’lon qilinadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun oziq-ovqat yetkazib berish va ovqat tayyorlash bo‘yicha maxsus tashkilotlar tanlanadi. G‘olib tashkilot bilan belgilangan talablar asosida shartnoma tuziladi. Taomlarning sifati, gigiyena va sanitariya talablari, kaloriya miqdori, bolalar yoshiga mosligi muntazam ravishda nazorat qilinadi.
[gallery-24601]
– Muassasamizda 2018 yildan buyon autsorsing usulida ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Buxoro shahridagi 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamshirasi Shahnoz Saidova. – Bu tizimning afzalliklari juda ko‘p. Eng, avvalo, bolalar uchun har kuni sifatli va tarkibida zarur moddalar mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib kelinadi. Barcha taomlar “Yagona taomnoma” asosida tayyorlanadi. Bu esa bolalarning yoshiga mos, parhez, to‘yimli va mazali taomlarni o‘z vaqtida tayyorlash imkonini beradi. Ovqatlar sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilingan holda tayyorlanadi va har kuni nazoratdan o‘tkaziladi. Bunday tizim nafaqat bolalarning sog‘lom ovqatlanishi, balki ularning umumiy rivojlanishi va kayfiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu jarayondan ota-onalar ham mamnun.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni, ro‘yxati va boshqa tegishli ma’lumotlar tayyorlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar kesimida “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Bunda davlat MTTlarida “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida oziq-ovqat xarajatlarining (natura ko‘rinishida) hisobi “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritiladi. Shu bilan birga mazkur hisobot elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimiga avtomatik tarzda yuboriladi.
Autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatuvchi hamda ota-onalar va boshqa jamoatchilik vakillaridan iborat kuzatuv kengashlari a’zolari tomonidan doimiy nazoratda bo‘ladi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan aniq javoblar oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.