O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Qarorga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limida yaxlit davlat boshqaruvi tizimini tashkil qilish, ushbu sohadagi dolzarb muammolarni samarali hal etish, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda maktabgacha ta’lim yo‘nalishida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatilib, Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar vazirlik tasarrufiga o‘tkaziladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
maktabgacha ta’lim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish;
maktabgacha ta’limning o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta ta’lim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash;
davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash;
nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, ularga qonunchilik hujjatlariga muvofiq subsidiya va kompensatsiyalar ajratish, berilayotgan davlat ko‘magining samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan ta’sirchan nazoratni o‘rnatish;
maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlash;
sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va hujjatlar aylanmasini qisqartirish orqali maktabgacha ta’lim xizmatlari sifatini oshirish.
O‘zA