Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi yanada takomillashtiriladi
Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yilning 5-fevralida imzolangan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda inson kapitali rivojini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim hujjat sifatida keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda.
Mazkur farmonning qabul qilinishi nafaqat maktabgacha ta’lim sohasidagi muhim islohot, balki kelajak avlod tarbiyasiga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan strategik qadamdir.
Bugun dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ta’lim tizimining eng hal qiluvchi bosqichi aynan maktabgacha davrdir. Bolaning tafakkuri, ijtimoiy moslashuvi, bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va shaxsiy sifatlari aynan shu davrda shakllanadi.
Shu bois farmonda maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, innovatsion maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini tashkil etish, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek, bolalarni o‘yinga yo‘naltirilgan ta’lim asosida milliy g‘urur va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ustuvor maqsad sifatida belgilangani strategik ahamiyatga ega.
Hujjat bilan maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga ta’lim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga oshirish maqsadida o‘yinga asoslangan ta’limni joriy etish belgilandi. Bu yondashuv bolaning tabiiy ehtiyojlariga mos keladi. Chunki o‘yin orqali bola atrof-muhitni anglaydi, tajriba orttiradi, mustaqil fikrlashni o‘rganadi.
Shuningdek, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturini majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritish belgilangani O‘zbekistonning nafaqat inson kapitali indeksida mustahkam joy egallashiga zamin yaratadi, balki bolalarning maktabga tayyorgarlik darajasini sezilarli oshirishi shubhasiz.
Farmonda nazarda tutilgan eng muhim yangiliklardan biri “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini tashkil etishdir.
Bu muassasalar nafaqat ta’lim-tarbiya maskani, balki zamonaviy ta’lim texnologiyalari joriy etiladigan innovatsion markazlar sifatida faoliyat yuritadi.
Ularda bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etiladi. Bu esa albatta, bolalarning iqtidorini erta aniqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hujjatda pedagog kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgani islohotlarning muvaffaqiyati inson omili bilan bog‘liq ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yangi tashkil etilayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, avvalo, oliy ma’lumotli va zamonaviy pedagogik yondashuvlarga ega tarbiyachilarni jalb etish ustuvor vazifa etib belgilanmoqda. Shu bilan birga, ta’lim jarayoniga dual ta’lim tizimini joriy qilish, pedagogika oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashni xalqaro ilg‘or tajribalar asosida takomillashtirilgan o‘quv dasturlari negizida tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar ta’lim sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, sohada raqobatbardosh, yuqori malakali pedagog kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Farmonda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirishi bilan bog‘liq keng ko‘lamli imtiyozlar belgilangani ham muhim ahamiyatga ega. Yer ajratish, kreditlar, subsidiyalar va soliq yengilliklari tadbirkorlarni ta’lim sohasiga ko‘proq jalb qilishga xizmat qiladi.
Bu esa bir tomondan qamrovni kengaytirsa, ikkinchi tomondan sog‘lom raqobatni kuchaytirib, ta’lim xizmatlari sifatini oshirishga zamin yaratadi.
2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim quvvatlarini kengaytirish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish uchun katta mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan. Bu raqamlar ortida mamlakat kelajagi, ertangi taraqqiyoti turibdi.
Chunki maktabgacha ta’limga kiritilgan har bir sarmoya jamiyat taraqqiyotiga ko‘p karra samara bilan qaytadi. Bunday ta’lim olgan bolalar keyinchalik bilimli, tashabbuskor va faol fuqarolar bo‘lib yetishadi.
Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Maktabgacha ta’limni takomillashtirishga qaratilgan mazkur farmon ana shu strategik yo‘lning muhim qismi bo‘lib qoladi.
Ra’no Hayitova,
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA