Mahoratli suzuvchilarimiz o‘rtasida mamlakat chempionlari aniqlanmoqda
Suv sport turlari saroyida suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi. Musobaqada uch yosh toifasida 463 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
Musobaqaning birinchi kungi bahslari yakuniga ko‘ra, 18 yosh va undan kattalar toifasida 800 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha ayollar o‘rtasida Dilnura Xolniyozova g‘olib bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida 1 ming 500 metrga erkin usulda suzishda Bunyod Baxtiyorov marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, 50 metrga chalqancha suzishda Mahmudshoh Kodirov, 100 metrga batterflyay yo‘nalishida Muslima Odilova, brass usulda 100 va 200 metrdagi bahslarda esa Sitora Odilova mamlakat chempioniga aylandi.

16–17 yosh toifasida erkin usulda 800 hamda 1500 metrdagi bahslarda Zarina Abdusamatova hamda Platon Voronovskiy g‘olib chiqdi. Shuningdek, turli masofalarda batterflyay, kompleks yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA