“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan hududda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani inobatga olinib, mavjud elektr tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish hamda iste’molchilarni barqaror, uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida davlat dasturlari va belgilangan chora-tadbirlar asosida mavjud tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha elektr tarmog‘i qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida joylarda yangi elektr uzatish liniyalari tortilmoqda, zamonaviy va energiya samarador uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu esa elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar va kuchlanish pasayishlarining oldini olish, avariyaviy holatlar sonini kamaytirishga va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.


Jumladan, Buxoro shahridagi “Fayzulla Xo‘jayev”, “Imom al Buxoriy”, “G‘afur G‘ulom” hamda “Mirzo Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida elektr ta’minotini yaxshilash uchun “Zarafshon” 35/6 kVli podstansiyasidan chiquvchi, 6 kV kuchlanishdagi qo‘shimcha elektr uzatish tarmog‘i tortilmoqda. Buning uchun 30 dona mustahkam temir beton tayanch rostlandi, 5000 metrga yaqin sim tortildi va 4500 metr uzunlikdagi yer osti kabel tarmog‘i yotqizildi.

Qo‘shimcha tarmoq qurilishi natijasida mavjud tarmoqlarga tushayotgan yuklama bosqichma-bosqich kamayib, elektr energiyasining sifati yaxshilanadi. Natijada aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay va ishonchli elektr ta’minoti yaratiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA