Mahalladagi sport zali – sog‘lom avlod maskani
Farg‘ona viloyatida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sportga keng jalb etish hamda mahallalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, sportning ommalashuvi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Bolaning dastlabki sport maydonchasi ham, ilk musobaqasi ham aksariyat hollarda o‘z mahallasida bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha Oltiariq tumanidagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida homiylar ko‘magida barpo etilgan zamonaviy sport majmuasi foydalanishga topshirildi. Uning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, mahalla ahli, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi. So‘ngra viloyat hokimi mahalla yoshlari bilan sportni rivojlantirish xususida bafurja suhbatlashdi.




Bugun mahallalarda barpo etilayotgan mini-futbol maydonlari, universal sport maydonchalari, trenajyorlar va yopiq sport zallari yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Farg‘ona viloyatida 1017 ta mahalla mavjud. 2026-yilga qadar viloyatning barcha mahallalari sport anjomlari bilan ta’minlanishi bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lamini ko‘rsatadi.




Ammo sport anjomlarini mahallaga olib kelishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi — undan har kuni samarali va maqsadli foydalanishni yo‘lga qo‘yishdir.
Shu nuqtayi nazardan, mahallalarda sport zallarini qurish masalaning bir tomoni bo‘lsa, ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, isitish va yoritish tizimlarini yaxshilash kabi jihatlar ham muhim vazifadir. Zero, sport inshooti qancha zamonaviy bo‘lmasin, agar unda yoshlar muntazam shug‘ullanmasa, uning ijtimoiy samaradorligi past bo‘ladi.
Mahalla sporti haqida gap ketganda, yana bir muhim jihatni aytib o‘tish joiz. Bu — murabbiylar va sport tashkilotchilari masalasidir.
Yoshlarni sportga qiziqtirish, ularning qobiliyatini aniqlash, muntazam mashg‘ulotlarga jalb qilish uchun sport maydonining o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun bolalar bilan ishlaydigan malakali murabbiy, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi yoki sport yo‘riqchisi bo‘lishi shart.
Mahalladagi iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni sport maktablariga yo‘naltirish ham ushbu tizimning muhim bo‘g‘inidir.
Bugun mahalla sport maydonida to‘p tepayotgan bola ertaga professional futbolchi bo‘lishi, kurash bilan shug‘ullanayotgan o‘smir mamlakat chempionatida g‘olib chiqishi mumkin. Buning uchun uni o‘z vaqtida payqash va qo‘llab-quvvatlash zarur.
Mahalla sportida qizlarning ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Qizlar uchun voleybol, basketbol, gimnastika, yengil atletika, stol tennisi, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etish ularning nafaqat jismoniy salomatligini mustahkamlaydi, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham oshiradi.
Shu bois, mahalla sport zallarida qizlar uchun alohida mashg‘ulot vaqtlarini belgilash, ularga munosib sharoit yaratish va malakali murabbiyalarni jalb etish muhim ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, sport inshootlari hisobot uchun emas, avvalo yoshlar uchun xizmat qilishi kerak.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA