Mahallada minifutbol stadioni
Buxoro shahridagi Shayx ul-olam mahallasida “Bolajon” maydonchasi va sun’iy qoplamali minifutbol stadioni foydalanishga topshirildi.
Buxoro shahridagi Shayx ul-olam mahallasida “Bolajon” maydonchasi va sun’iy qoplamali minifutbol stadioni foydalanishga topshirildi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol etib voyaga yetkazish, sport bilan shug‘ullanishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“Bolajon” maydonchasi karusel, arg‘imchoq kabi turli attraksionlar bilan jihozlandi. Kuniga qariyb olti yuz o‘g‘il-qizni qabul qiladigan mazkur maskan kichkintoylarga bepul xizmat ko‘rsatadi. Maydon atrofiga manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Maydonning old tomonida suv purkagichlar, sun’iy sharsharalar suvi kamalakrang jilolanishi o‘ziga xos mikroiqlim yaratib, bolalarga ajib kayfiyat bag‘ishlaydi.
– Mahallamizda mana shunday qulaylik yaratilganidan xursandmiz, – deydi Yulduz Karimova. – Shu paytga qadar bolalarimizni dam olish kunlari viloyat markaziy madaniyat va istirohat bog‘iga olib borardik. Endi bunga hojat qolmadi. Har oqshom hordiq chiqargani “Bolajon”ga kelamiz.
Tadbir doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida minifutbol musobaqasi tashkil etildi.
– Mahallamiz hududidagi sport inshootlari yana bittaga ko‘paydi, – deydi g‘olib jamoa sardori Amirxon Shodiyev. – Bu biz, yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanib, jismonan chiniqishimiz, bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazishimiz uchun qulaylik yaratadi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.