Mahalla xavfsizligi va profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirishning yangi bosqichi
Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi tub burilish pallasiga kirdi. Bugungi kunda xavfsizlik konsepsiyasi faqatgina jinoyatchilikka qarshi kurashish emas, balki aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning tinch-totuv hayotini kafolatlash va eng muhimi, tizimni “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida qayta qurishni taqozo etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot mag‘zi shu maqsad yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat olib bormoqda. Biroq sohadagi eng og‘riqli nuqtalardan biri — ularga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifalarning yuklatilgani edi. Bu inspektorlarning mahallada jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga, qog‘ozbozlik va begona topshiriqlar bilan band bo‘lib qolishiga sabab bo‘layotgan edi.
Bu muammoni ildizi bilan hal etish maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida” gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, inspektorlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, asossiz yuklamalar berish qat’iyan taqiqlanadi. Endilikda ular davlat organlarining axborot tizimlaridan bepul foydalanish, ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo qo‘llash vakolatlariga (18 ta modda bo‘yicha ogohlantirish berish) ega bo‘ladi. Davlat idoralari inspektor so‘roviga 10 kunda, taqdimnomasiga esa 1 oyda javob berishga majbur etiladi. Shu bilan birga ularning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, hokimliklar tomonidan xizmat uyi va xonalari bilan ta’minlanishi qonunan mustahkamlanmoqda.
Yangi tizimning eng inqilobiy jihati — jinoyatchilikni baholashda quruq raqamlar va statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan voz kechilishidir. Xalqaro tajribada keng qo‘llaniladigan "Community policing" (jamiyatbay huquq-tartibot) modeli kabi endilikda asosiy mezon aholining ishonchi va roziligi bo‘ladi. Mahalla posbonlari har chorakda aholi oldida hisobot beradi.
Agar mahalla ahlining 50 foizdan ko‘pi inspektorga ishonchsizlik bildirsa, uning lavozimga loyiqligi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, tezkorlikni oshirish uchun yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlarining vazifalari o‘zaro uyg‘unlashtiriladi va ular hududidan qat’i nazar aholi murojaatiga birinchi bo‘lib yetib borishi shart etib belgilanmoqda.
Zamonaviy dunyoda jinoyatchilikni jilovlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va "Aqlli shahar" (Smart City) tizimlarining o‘rni beqiyos. Shu bois mahallalar darajasida intellektual videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, huquqbuzarliklar sodir etilishi mumkin bo‘lgan "qizil hududlar"ni Big Data (katta hajmli ma’lumotlar) tahlili orqali aniqlash ustuvor vazifaga aylanmoqda. Bu esa inspektorlarga vaziyatni masofadan turib nazorat qilish va jinoyatlarni sodir etilmasdan turib, barvaqt bartaraf etish imkonini beradi.
Zamonaviy dunyoda jinoyatchilikning transformatsiyasi, ayniqsa, kiberjinoyatlar, raqamli firibgarliklar va ijtimoiy injeneriya xavflari rivojlanayotgan davrda soha xodimlaridan mutlaqo yangicha bilim va ko‘nikmalar talab etadi. Shu sababli, ta’lim tizimi ham tubdan isloh qilinmoqda. Jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun zamonaviy, vatanparvar va har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Jamoat xavfsizligi universiteti va IIV Akademiyasi transformatsiya qilinib, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida uzluksiz klaster tizimi yaratilmoqda.
Kunduzgi ta’lim kvotasi 600 nafargacha, masofaviy ta’lim kvotasi esa 300 nafargacha oshirilishi kutilmoqda. Nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiruvchi dual ta’lim joriy etilib, o‘quv dasturlariga dron va robototexnika bilan ishlash, geoaxborot tizimlari, raqamli tahlil (OSINT), profayling, konfliktologiya va oilaviy mediatsiya kabi innovatsion fanlar kiritilmoqda. Namangan va Samarqand texnikumlarida esa maxsus o‘rta-maxsus ma’lumotli ofitserlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytganda, sohada amalga oshirilayotgan bu yangilanishlar shunchaki tashkiliy o‘zgarishlar emas, balki tizimning falsafasini yangilashga qaratilgan strategik islohotdir. Profilaktika inspektorining huquqiy maqomini yuksaltirish, uni ortiqcha byurokratiyadan xalos etish va faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni tatbiq etish orqali O‘zbekistonda xavfsiz va osoyishta muhit yaratishning mustahkam poydevori qo‘yilmoqda. Maqsad yagona — xalq manfaatlariga sodiq, fuqarolarning chinakam himoyachisi va ko‘makchisiga aylangan zamonaviy huquq-tartibot tizimini shakllantirishdir.
Alouddin G‘afforov,
O‘zAh