Mahalla va oliy ta’lim hamkorligi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida “Hudud taraqqiyotida mahalla va oliy ta’lim muassasalari hamkorligining o‘rni” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Nukus shahridagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida “Gulzor” mahallasi miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilib, ayniqsa, yoshlar bilan manzilli ishlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar bilan tizimli ishlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, mahalla va filial o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, profilaktik uchrashuvlar, sport musobaqalari va targ‘ibot loyihalari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘usini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ochiq muloqotda mahalla instituti va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, davlat siyosatida belgilangan vazifalar ijrosini quyi bo‘g‘inlarda samarali ta’minlash hamda hududlarda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Bunday hamkorlik yoshlar muammolarini manzilli hal etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda jamiyatda o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashda samarali natija berayotgani ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA