Universitet va mahalla hamkorligi davom etmoqda
Mamlakatimizda uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, oliy ta’limda o‘qishini davom ettirishga ko‘maklashish maqsadida oliy ta’lim muassasalari va mahallalar hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ham Chilonzor tumanidagi bir qator mahallalar bilan hamkorlik olib bormoqda. Universitet tomonidan mahalla yoshlari uchun turli xil to‘garaklar tashkil etilib, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi Chilonzor tumanidagi Dilobod mahallasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, Dilobod mahallasi faollari, hududda joylashgan 182-umumta’lim maktabi jamoasi va mahalla yoshlari ishtirok etdi.
bugungi kunda Dilobod mahallasida qariyb 5 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 50 nafari „Yoshlar daftari», 18 nafari "Ayollar daftari"ga kiritilgan.

Tadbir doirasida «Mahallaga kitob sovg‘a qilaman» aksiyasi tashkil etildi. Universitet professor-o‘qituvchilari va faol talabalari tomonidan mahalla yoshlariga kitoblar sovg‘a qilindi. Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus doirasida rassomchilik va kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet mas’ullari tomonidan mahalla yoshlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, mahalla yoshlari oliygohda tashkil etilgan to‘garak va o‘quv kurslariga taklif qilindi.
Fayzullo Yaxyoyev, O‘zA