Mahalla kutubxonasi — qalbi ummon insonlarning ezgu tashabbusi
Mahalladagi kutubxona. U qanday bo‘lmog‘i kerak? Bu joy shunchaki kitoblar yig‘ilgan joy emas, odamlar bilimga, ma’rifatga iltilayotgan maskan ekanini vaqtning o‘zi ko‘rsatmoqda. Bunday kutubxonani tashkil etishga tashabbuskor bo‘lgan inson nainki minglab kitoblar egasi, balki ummondek ulkan qalb sohibi bo‘lishi kerakligiga “Mahalla kutubxonasi — ilm va ma’rifat ko‘prigi” mavzusidagi davra suhbati qatnashchilari, yosh kitobxonlar, adabiyot muxlislari yana bir karra ishonch hosil qilishdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilgan ushbu anjuman samimiy va qiziqarli ruhda o‘tdi. Unda mahallalarning yoshlar tarbiyasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

– Mahallalar azaldan ezgu ishlar markazi bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugun ular kitobxonlikni keng targ‘ib etishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, — dedi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva. – O‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shada ma’rifat va ziyo maskani, mo‘’jaz kutubxonalar tashkil etayotgan ustoz ijodkorlarning faoliyati ko‘plab ijodkor ziyolilar uchun namunadir.
Davra suhbatida soha mutaxassislari, xususan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov mahalla kutubxonalarining jamiyatdagi o‘rni, ularning ma’naviy muhitni shakllantirishdagi ahamiyati yuzasidan mazmunli ma’ruza qildi.

Aytish kerakki, taniqli adib va jurnalist Abdusaid Ko‘chimov tomonidan tashkil etilgan kutubxona bu ma’rifat yo‘lidagi o‘ziga xos xayrli loyihadir.
Kutubxona ustoz adib o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi Dehqonobod mahallasida joylashgan. Zahmatkash va fidoyi ustoz Abdusaid Ko‘chimov o‘z ota uyini (hovlisini) mahalla ahli va yoshlar uchun zamonaviy kutubxonaga aylantirgan. Mazkur maskan 2025-yilning oktabr oyida tantanali ravishda ochilgan.
Kutubxonaning asosini adibning shaxsiy kutubxonasidagi 10 ming 500 dan ortiq noyob kitoblar tashkil etadi. Bu yerda jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari, ilmiy va ma’rifiy asarlar mavjud. Kitob fondi doimiy ravishda yangi, badiiy mukammal adabiyotlar bilan muttasil boyitib, to‘ldirib borilayotgani e’tiborga molik.

Kutubxona O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarmog‘iga ulangan bo‘lib, bu kitobxonlarga katta elektron bazalardan foydalanish imkonini beradi. Majmua zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti kutubxonasi bilan onlayn aloqa o‘rnatgan.
Ushbu ezgu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, mahalla ahlining ma’naviy hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratish. Bu maskan nafaqat kitob saqlanadigan joy, balki ijodiy uchrashuvlar va ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladigan madaniyat markaziga aylangan. Bu dargoh yoshlar, adabiyot muxlislari arimaydigan fayzli maskan.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri